AsosiyJamiyat

Pensiya sohasidagi o`zgarishlar haqida

'Pensiya sohasidagi o`zgarishlar  haqida'ning rasmi

Pensiya haqida gap ketganda doim bir holat yodimga tushadi. Bundan 4 yil muqaddam viloyatga, tug`ilib o`sgan mahallamga borganimda yoshi ulug` mahalladoshlarim pensiya va naqd pul masalasida arz qilib qolishdi. O`sha paytlar pensiyalar yuz foiz plastik kartochkaga tushirilar, do`konlarda esa narxlar plastik kartadan yoki naqd pul orqali to`lanishiga ko`ra sezilarli tafovut qilardi.

Qishloq joylarda ba`zi narsalarni, misol uchun go`shtni plastik kartochkaga olishning imkoni yo`qligi uchun ayrimlar mablag`larini naqdlashtirish uchun kartochkalarini kirakashlik qiladigan yigitlarga berib qo`yar, ular benzin olishda kartadan foydalanib, naqd pulni egalariga bo`lib-bo`lib qaytarishardi.

Aholining plastik kartochkadan foydalanishini ko`paytirish masalasi esa sohaga mas`ul organlar tomonidan asosan ma`muriy yo`llar bilan amalga oshirilardi. Oqibatda oddiy odamlar, ayniqsa viloyatlardagi pensionerlarning noroziligi bisyor edi.

O`sha pallada keksalarimiz muammosini hal qilish, ularning duosini olish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg`armasiga murojaat qilib, tanish-bilishlarni ishga solishimga to`g`ri kelgandi.

Virtual qabulxonaga o`sha paytda qilingan murojaatlarning etti mingtasi aynan shu muammo girdobida qolgan nuroniy otaxonlar-u mo``tabar onalarimizdan kelgan. Ushbu raqamlarda bu qiynalsa-da, boriga shukr, deb yurganlar aks etmagan.

Keyingi yillarda pensiya sohasida talay ijobiy ishlar qilindi. Xususan, davlat rahbarining 2017 yil 2 fevralda «Pensiyalar va nafaqalar to`lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz naqd shaklda beriladigan bo`ldi. Ishoning, keksalarimiz, ayniqsa qishloqlardagi ulug`larimiz uchun o`shanda haqiqiy bayram bo`lgandi, ular davlat rahbarini ich-ichdan duo qilishgandi. Axir, pulingiz bo`la turib (mayli, kartada bo`lsa ham), unga o`zingiz xohlagan narsani ololmasangiz, juda alam qiladi.

Pensiya sohasida navbatdagi keng ko`lamli, tarixiy muhim qadam Prezidentimizning 2018 yil 12 dekabrdagi «Fuqarolarning pensiya ta`minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi Farmoni bilan amalga oshirildi. Unda quyidagi muhim o`zgarishlar ko`zda tutilgan:

  1. 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha toifadagi ishlovchi pensionerlarga pensiya to`liq miqdorda to`lanadi.

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston Respublikasida 118 mingdan ziyod ishlovchi pensionerlar mavjud, ularning faqat 40 ming nafari (34 foizi) o`z pensiyalarini to`liq olib kelgan, 78 ming nafardan ortiq (66 foiz) ishlovchi pensionerlar bunday imkoniyatdan mahrum bo`lib, pensiyalarining 50 foizini olib kelishgan.

  1. Fuqarolarga pensiya miqdorini belgilashda eng yuqori chegara eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan 10 barobarigacha oshirildi.

Ilgari yuqori miqdorda oylik ish haqi oluvchi fuqarolarga pensiyani hisoblashda faqat eng kam oylik ish haqining 8 barobarigacha bo`lgan daromadi inobatga olinib, undan yuqori qismi hisobga olinmagan.

Misol uchun, o`rtacha oylik ish haqi – 2.2 mln so`m va ish staji 35 yil bo`lgan fuqaroga amaldagi tartib bo`yicha pensiya hisoblashda 1621 ming so`m (eng kam ish haqining 8 baravari) inobatga olingan (qolgan qismi, ya`ni 579 ming so`m hisobga olinmagan), shundan kelib chiqib ushbu summaning 55 foizi, ya`ni pensiyaning tayanch miqdori (891 550 so`m) belgilanib, talab etiladigan (25 yil)dan ortiqcha ishlagan 10 yilning har bir yili uchun 1 foizdan qo`shimcha hisoblanib, pensiyaning umumiy miqdori 1 054 ming so`mni tashkil etar edi.

Yangi tartib bo`yicha esa, ushbu fuqaroga o`rtacha oylik ish haqi 1 621 ming so`m emas, 2 027 ming so`m (EKIHning 10 baravari) miqdorida hisobga olinadi. Bunda pensiyaning tayanch miqdori 1 115 ming so`mni, ortiqcha ishlagan yillar uchun qo`shimchani hisobga olgan holda pensiyaning umumiy miqdori 1 317 ming so`mni tashkil etadi yoki 263 ming so`mga oshadi.

  1. Yuqoridagi o`zgarish nafaqat 2019 yil 1 yanvardan keyin pensiyaga chiquvchilarga, balki ushbu toifaga tushuvchi hozirgi kunda pensiya olib turgan pensionerlarga nisbatan ham tatbiq etiladi hamda ularning pensiyalari qayta hisoblab chiqiladi.

O`zbekiston Respublikasida jami 3.4 mln pensionerlar mavjud. Hisob-kitoblarga ko`ra, Farmonga asosan jami 533 ming nafardan ortiqroq pensionerlarning pensiya miqdorlari o`rtacha 65 ming so`mdan 265 ming so`mgacha oshgan. Shundan 72601 nafari ishlovchi pensionerlar.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu sohada ijobiy o`zgarishlar davom etishi, xususan islohotlarning keyingi bosqichida pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori bo`yicha cheklovlar ham butunlay bekor qilinishi ta`kidladi.

Shuningdek, nogironligi bo`lgan farzandlarni tarbiyalayotgan onalar uchun ham nafaqa joriy etilishini alohida ta`kidladi.

Moliyaviy jihatdan jiddiy islohotlar amalga oshirilayotgan, byudjetga soliq tushumlari kamayishi taxmin qilinayotgan ushbu yilda bunday kuchli ijtimoiy siyosatni yuritish juda katta mas`uliyat va iroda talab qilishi kundek ravshan.

Bundan asosiy muddao xalq roziligi, nuroniylarimizni yanada qadrlash, ayollarni e`zozlash ekanligini, afsuski, hamma ham tushunib etayotgani yo`q. Ushbu ma`lumotlarni omma e`tiboriga etkazishdan maqsad, ba`zan shunday muhim islohotlar bo`yicha ham ijtimoiy tarmoqlarda ayrim noma`qul postlarni ko`rayotganimizdir.

Umuman islohotlar haqida ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim muhokamalarni o`qib ikki xulosaga kelish mumkin:

  • birinchidan, islohotlarning haqiqiy mazmun-mohiyati haqida tegishli davlat tashkilotlari etarli ma`lumot bera olmayapti;
  • ikkinchidan, ayrim vatandoshlarimizga shukronalik tushunchasi begona bo`lib borayotganday.

Amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni-mohiyatini aholiga to`g`ri va tezkor etkazish davlat va xalq o`rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Inson o`zgarishlarni qiyoslaganda yaxshiroq sezadi. Shu sababli islohotlar shiddati va samaralarini to`g`ri anglash uchun bundan hech bo`lmasa uch-to`rt yil avvalgi ahvolni eslab, bugungi holatimizni solishtirib ko`rish kerak. Balki shunda shukronalik hissi xotirjamlik va halovatga erishishimiz uchun yordam berar.

X.Meliev,
Adliya vazirligi mas`ul xodimi

    Boshqa yangiliklar