O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida O`zbekiston yoshlar ittifoqining «Harbiy qismlardagi eng namunali boshlang`ich tashkiloti» tanlovining respublika bosqichi o`tkazildi. Unda tanlovning hududiy bosqichlarida g`oliblikni qo`lga kiritgan 14 nafar ishtirokchilar o`zaro bahs olib bordi.
Ikki bosqichda tashkil etilgan tanlovning dastlabki (hududiy) bosqichi Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida dekabr oyida bo`lib o`tgan. Ushbu bosqichda Ittifoqning hududiy Kengashi vakillaridan iborat ishchi guruh boshlang`ich tashkilotlarga borgan holda, ularning faoliyatini o`rganib, baholash mezonlari asosida saralandi.
Baholash natijalariga ko`ra eng yaxshi deb topilgan bitta boshlang`ich tashkilot tanlovning keyingi respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi. Ikkinchi bosqich respublika bosqichi hisoblanib, bu bosqich hududiy bosqichda g`olib bo`lib, keyingi bosqichga tavsiya etilgan boshlang`ich tashkilotlar o`rtasida o`tkazildi. O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idoralarning vakillaridan tuzilgan ishchi guruh (hakamlar hay`ati) tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilarini baholab, mutlaq g`oliblarni aniqlab berdi.
—Baholash mezonlariga asosida boshlang`ich tashkilot etakchisining 2018-yil davomida amalga oshirgan ishlari 20 ballgacha,ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va ma`naviy savodxonligi 30 ballgacha, notiqlik san`ati va yoshlarni o`z ortidan ergashtira olish qobiliyati 30 ballgacha va etakchining tashabbuskorligi ya`ni yangi amalga oshiradigan loyihasining taqdimoti 20 ballgacha jami 100 ballik mezonda baholanadi, – deydi etakchilar Kengashi raisi Sardorbek Abdusamadov.
Tanlovda 1-o`rinni Farg`ona viloyatidagi harbiy qismning boshlang`ich tashkilot etakchisi Ziyodilla Tillaxodjaev, 2-o`rinni Toshkent viloyatidagi harbiy qismning boshlang`ich tashkilot etakchisi Anvar Qutlimurodov, 3-o`rinni Xorazm viloyatidagi harbiy qismning boshlang`ich tashkilot etakchisi Jo`ra Raxmatov va Buxoro viloyatidagi harbiy qismning boshlang`ich tashkilot etakchisi Axad Makamovlar egalladi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqining «Harbiy qismlardagi eng yaxshi boshlang`ich tashkiloti» tanlovining Respublika bosqichida 1-o`rinni qo`lga kiritgan boshlang`ich tashkilotlar etakchilari nomzodi «O`zbekiston belgisi» ko`krak nishoni va boshqa davlat mukofotlariga tavsiya etiladi.
—Bugun harbiy qismlardagi boshlang`ich tashkilot etakchilari o`zaro bellashmoqda. Hakamlar hay`ati faoliyatimiz davomida ta`lim muassasalarida tashkil etgan tadbirlarimiz bilan alohida tanishib chiqmoqda. Jumladan, mahallalarda tashkil etgan musobaqalarimiz, umumta`lim maktablarida mardlik va jasorat darslarimiz, harbiylar va yoshlar o`rtasidagi uchrashuvlar xolis baholanmoqda. Shuningdek, bugun har bir qatnashchi o`z loyihasini taqdim etib, o`zida mujassamlashtirgan notiqlik san`ati va yoshlarni o`z ortidan ergashtira olish qobiliyati hamda tashabbuskorligini namoyon etadi, – deydi 1-o`rin sohibi Farg`ona viloyatidagi harbiy qism boshlang`ich tashkilot etakchisi Ziyodulla Tillaxodjaev. —Men ham bu tanlovda «Harbiy oromgoh» nomli loyihamni taqdim etdim. Oromgoh harbiy qismlardagi bazalarda tashkil etilib, u tarbiyasi og`ir, profilaktik hisobda turuvchi yoshlar, harbiylar va huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan iborat 100 nafar qatnashchilarga mo`ljallangan. 12 kunlik oromgohda turli madaniy-ma`rifiy tadbirlar, psixologlar bilan yakka tartibdagi suhbatlar va turli sport musobaqalari tashkil etiladi.
Shahnoza Nurullaeva






