AsosiyJamiyat

Berlin davlat kutubxonasida Mirzo Ulug`bekning astronomik jadvallari saqlanmoqda

'Berlin davlat kutubxonasida Mirzo Ulug`bekning astronomik jadvallari saqlanmoqda'ning rasmi

O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi samimiy munosabat manfaatli aloqalarni mustahkamlashda asosiy omil bo`lmoqda. Germaniyaliklar mamlakatimiz tarixi va xalqimiz an`ana va udumlariga katta qiziqish bilan qaraydi, hamyurtlarimiz ham bu yurtning o`tmishi va zamonaviy qiyofasiga befarq emaslar.

Yana bir e`tiborli jihat. Berlin, Drezden, Leypsig va Shtutgart shaharlaridagi muzeylarda o`zbek san`ati kolleksiyalarining saqlanishi o`zaro madaniy, ilmiy va adabiy yo`nalishlardagi aloqalar yanada mustahkamlanayotganidan dalolatdir. Berlin etnologik muzeyida Buxoro amirligiga oid, Berlin davlat kutubxonasida Alisher Navoiy asarlari qo`lyozmalari kabi noyob kolleksiyalar saqlanmoqda.

Berlin davlat kutubxonasi “Sharq” bo`limi rahbari, doktor Kristofer Rauxning fikricha, bu erdagi qo`lyozmalarning ayrimlari o`zbek klassik adiblari, olimlari yashagan va ijod qilgan hududlardan, ba`zilari esa bevosita O`zbekistondan olib kelingan. Ular orasida XIX asrdan buyon kutubxonada saqlanayotgan Ulug`bekning astronomik jadvallari ham bor. Ularda 38 yulduzlar turkumiga kiruvchi 1018 yulduz haqida ma`lumot berilgan.

– O`zbekistonning amaliy-dekorativ san`ati merosi rang-barang va juda boy, – dedi “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida“ loyihasining muallifi va videotalqini boshlovchisi Shahnoza G`anieva. – Muayyan tarixiy sabablar tufayli uning muhim bir qismi mamlakatimizdan tashqarilarga chiqib ketgan. O`zbek san`atining ajoyib kolleksiyalari Germaniyaning Berlin, Drezden va Leypsig muzeylarida saqlanmoqda. Masalan, Germaniyadagi eng ko`p tashrif buyuriladigan Pergam muzeyida islom dunyosining asosiy reliktlari hisoblangan qo`lyozma kitoblari va sharq tamadduni amaliy san`ati asarlarining qimmatbaho namunalari saqlanadi. Bu erda Qadimiy Afrosiyob shahrining mashhur kulolchilik san`atiga oid noyob asarlarni ko`rish mumkin.

O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi matbuot xizmati ma`lumotiga ko`ra, joriy yilning 15 yanvarida Berlinda “Buyuk ipak yo`li merosi O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi ko`prik vazifasini bajaradi“ mavzusida xalqaro ilmiy-madaniy forumi o`tkaziladi. Forum ishtirokchilari Germaniya muzeylarida saqlanayotgan xalqimizning ana shunday nodir merosi bilan yanada batafsilroq tanishishga muvaffaq bo`ladi. Shu jihatdan mazkur forumning tashkil etilishi O`zbekiston va Germaniya o`rtasida do`stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishida tarixiy va muhim davrni boshlab beradi.

    Boshqa yangiliklar