O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu haqda 8 yanvar kuni investisiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida aytib o`tdi, deb xabar bermoqda Prezidentning matbuot xizmati.
Davlatimiz rahbari, jumladan, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy kompleksiga oid vazifalarga ham to`xtalib, turizm sohasiga to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb etishni kuchaytirish zarurligini ta`kidladi.
– Turizm uchun bosqichma-bosqich hamma sharoitlarni yaratyapmiz, investorlarga, ishbilarmonlarga keng imkoniyatlar beryapmiz. 2019 yil turizm rivojida tub burilish yili bo`ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida ham bu soha rivoji bo`yicha takliflar bildirgan edi. Ushbu takliflarni amalda tatbiq etish maqsadida Prezidentning joriy yil 5 yanvardagi farmoniga muvofiq 2019-2025 yillarda O`zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, o`sha kuni imzolangan Prezident qarori bilan mehmonxonalar tashkil etish bo`yicha istiqbolli investisiya loyihalari ro`yxati qabul qilindi.
Ma`lumot uchun, 2017 yilda O`zbekistonga qariyb 2 million 700 ming, 2018 yilda 5 million 300 mingdan ortiq turist kelgan. 2025 yilda yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga etkazish rejalashtirilgan.






