AsosiyJamiyat

Ikki ming dollar evaziga ichki ishlar organlariga ishga joylashtirishni va`da qilgan firibgar qo`lga olindi

'Ikki ming dollar evaziga ichki ishlar organlariga ishga joylashtirishni va`da qilgan firibgar qo`lga olindi'ning rasmi

Ichki ishlar organlariga Toshkent shahrining Sergeli tumanida yashovchi 29 yoshli Umida X. murojaat qildi. O`z arizasida Umida unga ichki ishlar organlariga ishga joylashtirishni va`da qilib, evaziga 2 000 AQSh dollari so`rayotgan “Yusup” ismli shaxsga nisbatan chora ko`rilishini so`ragan. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu holat bo`yicha IIV O`XB Toshkent shahar bo`limi va poytaxt IIBB xodimlaridan tashkil topgan tezkor-tergov guruhi surishtiruv ishlari o`tkazishdi. Natijada Umidadan pora talab qilgan shaxs – 26 yoshli Qirg`iziston Respublikasidan kelgan, fuqaroligi bo`lmagan va Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi Yusupjan R. ekanligi aniqlandi.

Shuningdek, IIBB xodimlarining aniqlashlaricha, Yusupjan R. ilgari ham sudlanib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266 moddasi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bo`yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Olib borilgan tadbirlar natijasida Yusupjan R. IIBB xodimlari tomonidan o`z avtomobilida kelishilgan mablag`ning bir qismi sifatida 1 300 AQSh dollarini olayotgan vaqtda qo`lga olindi. Mazkur holat bo`yicha to`plangan ma`lumotlar Toshkent shahar IIBB qoshidagi Tergov boshqarmasiga yo`naltirildi.

Ushbu fakt asosida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 moddasi 1 qismi (“Firibgarlik”) va 211 moddasi 1 qismi (“Pora berish”) bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi.

    Boshqa yangiliklar