AsosiyJamiyat

Endi Qonunchilik palatasiga ekskursiyalar uyushtirilishi mumkin

'Endi Qonunchilik palatasiga ekskursiyalar uyushtirilishi mumkin'ning rasmi

Deputat Rasul Kusherbaev Qonunchilik palatasiga ekskursiyalar uyushtirilishi mumkinligi haqida yozdi:

"Rivojlangan mamlakatlar parlamentida ochiqlikni ta`minlash, keng jamoatchilikni o`zlari saylagan vakillari ishi bilan yaqindan tanishib borish imkoniyatini yaratishda turli usullar joriy etilgan. Masalan, biz parlamentga ekskursiyalar uyushtirilishi amaliyoti haqida ko`p bora eshitganmiz. Shu orqali parlament ko`pchilik ko`rishni istaydigan tom ma`nodagi turistik manzillar qatoridan o`rin olgan, desak ham bo`ladi. Va doim bizda ham shunday bo`larmikan, degan savol ko`pchikni qiziqtirib kelgan nazarimda.

Bo`larmikan, degan savolga endi o`rin qolmadi. Chunki kuni kecha Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga yangi qo`shimcha kiritish haqida qaror qabul qildi.

Kiritilgan yangi 250-moddaga ko`ra korxona, tashkilot va muassasalarning yozma murojaatlari asosida Qonunchilik palatasida jamoaviy ekskursiyalar tashkil qilinishi mumkin. Qonunchilik palatasi majlislarini o`tkazish tartibi bilan tanishtirish uchun tashrif buyuruvchilar uning ochiq majlislarida ham ishtirok etishlari mumkin.

Faqat tashrif buyuruvchilar Qonunchilik palatasi faoliyatiga aralashish huquqiga ega emas, ular uning ishini ma`qullash yoki ma`qullamaslikdan saqlanishlari, o`rnatilgan tartibga rioya etishlari shart.

Eslatib o`tish kerakki, Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 31-bandida fuqarolar, o`quvchi va talabalarning Oliy Majlis palatalari va xalq deputatlari Kengashlari majlislarida moneliksiz ishtirok etish imkoniyatlari nazarda tutish belgilangan edi.

Shu vaqtga qadar amalda Qonunchilik palatasiga ko`plab jamoaviy ekskursiyalar, ayniqsa yoshlar ishtirokida uyushtirilib kelingan bo`lsa ham, bu huquqiy jihatdan mustahkamlab qo`yilmagan edi.

Menimcha, Reglamentga kiritilgan ushbu yangilik Oliy Majlisning ochiqlikni ta`minlash sohasida boshqalarga namuna bo`ladigan yangi qadami desa bo`ladi".

    Boshqa yangiliklar