Bugun O`zbekistonda yana bir siyosiy kuch paydo bo`ldi – O`zbekiston Ekologik partiyasi ta`sis etildi, deb xabar qilmoqda O`zA.
O`zbekiston Ekologik harakatining 250 nafar vakillari ishtirokida Toshkentdagi Xalqaro savdo markazida tashkil etilgan majlisda, O`zbekiston Ekologik partiyasini ta`sis etish haqidagi qaror qabul qilindi. Partiyaning Markaziy Kengashi a`zolari, Nazorat-taftish komissiyasi a`zolari saylab olindi.
Delegatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida O`zbekiston ekologik partiyasi Ustavi va Dasturi loyihalari hamda s`ezdda ko`rib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Partiyaning ramzlari tasdiqlandi.
Bu O`zbekiston siyosiy hayotida muhim yangilik. Shu kunga qadar Respublikada 4ta siyosiy partiya mavjud edi: O`zbekiston Xalq-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sosial-demokratik partiyasi va O`zbekiston liberal-demokratik partiyasi (Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati).
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Ekologik harakati 2008 yil 2 avgustda tashkil etilgan edi. Keyinchalik Ekoharakat O`zbekistonda eng faol jamoat tashkilotlaridan biriga aylandi. Harakatning vakolatxonalari barcha viloyatlar va Qoraqalpog`iston Respublikasida ochildi. Shuningdek Ekoharakat deputatlari uchun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidan o`n beshta o`rin ajratildi. Ekoharakat rahbari - Alixanov Boriy Botirovich O`zbekiston Oliy Majlisi spikeri o`rinbosari lavozimiga saylandi.






