AsosiyJamiyat

“Infolib – 2014” uchinchi milliy axborot-kutubxona haftaligi ish boshladi

Poytaxtimizda “Infolib – 2014” uchinchi milliy axborot-kutubxona haftaligi ish boshladi, deya xabar beradi O`zA.
Tadbir Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi, Matbuot va axborot agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik katta teatri bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari K.Pikkat, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xo`jaev va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida yoshlarning zamonaviy bilim egallashi, ma`naviyatini boyitish, bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etishga katta e`tibor berilayotganini ta`kidladi.
An`anaviy tarzda o`tkazib kelinayotgan milliy axborot-kutubxona haftaligi buning yorqin tasdig`idir. Haftalik yoshlarning mustaqil axborot olishga qiziqishini kuchaytirish, ularni yangi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma`rifiy, o`quv-badiiy adabiyotlar bilan batafsil tanishtirishga xizmat qilmoqda.
“Infolib – 2014” haftaligi doirasida bilimlar kuni, turli tanlovlar, qiziqarli uchrashuv va davra suhbatlari, ma`rifiy tadbirlar, ko`rgazma va filmlar namoyishi tashkil etiladi. Taniqli yozuvchi va shoirlar, rassomlar, san`atkorlar, jamoat tashkilotlari vakillari va yoshlar ishtirokida uchrashuvlar bo`lib o`tadi, chet ellik mutaxassislar ishtirokida xorijiy tillar kuni tashkil qilinadi.
– Har yili o`tkazilayotgan milliy axborot-kutubxona haftaligi yoshlarning kitobga bo`lgan qiziqishini oshirishga ko`maklashmoqda, – deydi Toshkentdagi Gyote instituti direktori Yu.Xanskiy. – E`tiborli jihati shundaki, haftalik doirasida o`tkaziladigan seminar va treninglarga ko`plab xorijiy mutaxassislar jalb etilayotgani xalqaro darajada axborot almashish imkonini berayotir.
“Infolib – 2014” haftaligi yoshlarga adabiyot, musiqa, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, tasviriy san`at sohasida qo`shimcha bilim olish, ularning ijodiy qobiliyatini aniqlashga yordam bermoqda. Bundan tashqari, axborot-kutubxona markazlari faoliyatini yaxshilash, ularda ilg`or texnologiyalar va tajribani joriy etish, ommalashtirishda muhim o`rin tutmoqda. 

    Boshqa yangiliklar