Sog`liqni saqlash vazirligi rahbariyati ommaviy sport bilan faol shug`ullanib, aholi orasida sog`lom turmush tarzini keng targ`ib etishda tashabbus ko`rsatishmoqda. Mashg`ulotlarda vazirlik markaziy apparati xodimlari, tibbiyot oliy o`quv yurtlari rektor va prorektorlari hamda respublika davolash muassasalari bosh shifokorlari qatnashdi.
Darhaqiqat, sog`lom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan holi, chiroyli va baxtli yashash omilidir. Eng muhimi millat genafondiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Shu bois ham muhtaram Prezidentimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
– Sog`lom turmush tarzini shakllantirishda to`g`ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sport, shaxsiy gigienaga amal qilish, chiniqish hamda turli zararli odatlardan voz kechish hal qiluvchi rol o`ynaydi. Ushbu jihatlarga rioya qilsak, ko`plab xavfli xastaliklar, jumladan, miokard infarkt, insult, qandli diabet, onkologik kasalliklarning oldini olgan bo`lamiz. Jismoniy faol insonning dunyoqarashi va fikrlashi ham sog`lom, mehnatida esa unum bo`ladi, – deydi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Aholi orasida sog`lom turmush tarzi, jumladan, ommaviy sportni keng targ`ib qilish sog`liqni saqlash tizimi xodimlarining ham ustuvor vazifasidir.
Ushbu yo`nalishda malakali kadrlar bilan etarli darajada ta`minlash, sohaning moddiy-texnik bazasini shakllantirish, eng muhimi, sport tibbiyotini rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada ham vazirlik tomonidan izchil sa`y-harakatlar olib borilmoqda.
Eslatib o`tamiz, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev raisligida 20 sentyabr kuni o`tkazilgan jismoniy tarbiya va sport masalalariga bag`ishlangan yig`ilishda aholining barcha qatlamlarini sport bilan shug`ullanishga jalb qilish, sohada xususiy sektorni rivojlantirish va boshqa ko`plab dolzarb masalalarga e`tibor qaratilib, tegishli idora va mutasaddilar oldida turgan muhim vazifalar belgilab berilgan edi.






