Barcha sohada bo`lgani kabi sog`liqni saqlash tizimida ham keng ko`lamli islohotlar olib borilmoqda.
Ushbu sa`y-harakatlar samaradorligi esa, shubhasiz, fidoyi mutaxassislarning adolatli va shaffof faoliyati bilan bevosita bog`liq. Shu sababli ham tizimda noqonuniy xatti-harakatlarga qarshi keskin kurashish va ularni bartaraf etishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Misol uchun, respublikada ayollarga bosqichma-bosqich perinatal yordam ko`rsatishga ixtisoslashgan 210 ta tug`ruq muassasasi mavjud bo`lib, so`nggi yillarda ushbu shifoxona jamoalarida ma`naviy muhitni yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik kayfiyatini shakllantirish borasida izchil ishlab olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur muassasalar moddiy texnik bazasini mustahkamlash, dori-darmon bilan etarlicha ta`minlanganligi hamda xodimlar uchun munosib mehnat sharoiti yaratilganligiga ham jiddiy ahamiyat berilayapti. Darhaqiqat, ushbu yo`nalishlarda muammolar qanchalik kam bo`lsa, korrupsiyaga moyillik holatlari ham o`z-o`zidan bartaraf etilishiga sabab bo`ladi.
Bundan tashqari, tug`ruq muassasalarida ko`rsatilayotgan xizmat sifati va shifokorlarning turli noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan aholi o`rtasida so`rovnomalar o`tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi ta`minlanmoqda. Shuningdek, o`tgan yili ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo`yicha nufuzli muassasalarning 33 nafar etakchi olimlari joylarda tibbiy xizmat sifati hamda kasb madaniyatini yuksaltirishga ko`maklashish maqsadida hududlarga rahbarlik lavozimiga tayinlandi.
– Respublikadagi barcha tug`ruq muassasalarida 2635 nafar akusher-ginekolog faoliyat yuritadi. Joriy yilning o`tgan 9 oyida 507 131 ta tug`ruq qayd etilgani ham ular mehnati nihoyatda mas`uliyatli ekanidan dalolat, – deydi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Oilalarga quvonch va baxt ulashguvchi ushbu shifo maskanlarida korrupsiya ko`rinishlariga aslo yo`l qo`yib bo`lmaydi. Zero, har bir ota-ona farzandli bo`lar ekan, ushbu muassasadan rozi bo`lib chiqib ketishi kerak. Afsuski, ayrim holatlarda shifokorlarning noqonuniy xatta-harakatlariga guvoh bo`lamiz. Bunday noxush holatlarga qarshi yanada jiddiy kurash olib borilmoqda. So`nggi yillarda vazirlik tomonidan homiladorlarga perinatal yordam ko`rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida olib borilgan ishlar va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan respublikadagi tug`ruq muassasalari rahbarlaridan 31 nafari lavozimidan ozod etilgan va intizomiy choralar qo`llanilgan.
Soha muassasalari holatini tizimli o`rganish va muammolarni bartaraf etishni yo`lga qo`yish, jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilish muassasalarida ijobiy ma`naviy muhitni shakllantirish, tibbiy va xo`jalik xizmati xodimlarini o`rnatilgan mehnat tartibiga amalga qilishga erishish, stasionar xizmat sifatini oshirish, tibbiyot maskanlarida ta`magirlik va poraxo`rlik holatlarining oldini olish, tug`ruq komplekslaridagi bemorlar orasida so`rovnoma o`tkazishni tiklash maqsadida Sog`liqni saqlash vaziri A.Shadmanovning buyrug`i asosida monitoring o`tkazish uchun ishchi guruhlar tashkil etildi. Ushbu ishchi guruhlar joriy yil 15 oktyabrdan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tug`ruq muassasalari, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy va Respublika perinatal markazlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinik tug`ruq hamda 3-klinikasi ginekologiya bo`limlari faoliyatini o`rganishmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, 27 oktyabrga qadar davom etadigan monitoring natijalari chuqur o`rganilib, tahlil etiladi hamda mavjud kamchiliklar bo`yicha qat`iy chora-tadbirlar belgilab olinadi.






