18 oktyabr kuni G`allaorol tumani hokimligida xalq deputatlari G`allaorol tumani Kengashining navbatdan tashqari o`ttiz ettinchi sessiyasi bo`lib o`tdi. Sessiya ishida tashkiliy masala ko`rildi.
Sessiyada Jizzax viloyat hokimining birinchi o`rinbosari G`anisher Mamatqulov qatnashdi va so`zga chiqib, tumanni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilgan ishlar hamda tuman rahbariyati tomonidan yo`l qo`yilgan kamchiliklar to`g`risida so`z yuritdi.
«Bilim tajribasi etarli bo`lishiga qaramay, uning ish faoliyatida sustkashlik, e`tiborsizlik hamda qo`yilgan vazifalarga yuzaki qarash, qo`l ostidagilar, tuman korxona, tashkilotlari rahbarlari va faollarining fikrini inobatga olmaslik kabi salbiy holatlar paydo bo`lib, ustuvor masalalarga e`tibor qaratish, kadrlarning, tuman faollarining boshini qovushtirish, ularni aniq maqsadlar uchun safarbar etish xususiyatlari sustlashib ketgan, eng asosiysi ularni o`z ortidan ergashtira olmagan», - deyiladi Jizzax viloyati hokimligi xabarida.
Tuman hokimi Abdurashid Yo`ldoshev shu kuni egallab turgan vazifasidan ozod qilindi, Oqboev Jalolitdin Jamolovich esa G`allaorol tumani hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi.






