Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo`lib turipti.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Ko`ksaroy” qarorgohida Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinni qabul qildi.
Shundan so`ng ikki mamlakat o`rtasida bir qator manfaatli hujjatlar imzolandi. Mazkur jarayonlar O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasi hududlararo hamkorlik Birinchi forumi doirasida tashkil etilgan “Matbuot markazi”da ommaviy axborot vositalari vakillari uchun to`g`ridan-to`g`ri ko`rsatilmoqda.
Tadbir avvalida har ikki davlat rasmiylari Savdo-iqtisodiy, ilm-fan, to`qimachilik, neft va gaz, madaniy-gumanitar, ta`lim, mehnat va bandlik, harbiy, sohalariga oid hujjatlarni imzolashdi.
Shuningdek, muzokaralar yakuni bo`yicha ham qo`shma bayonot imzolandi.
Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni tashrif bilan qutlab, mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanini bildirdi.
Prezidentimiz Rossiya O`zbekiston uchun eng yaqin savdo hamkorlaridan biri ekani, savdo hajmi muntazam oshib borayotganini ta`kidladi. Shu bilan birga davlatimiz rahbari mamlakatlar hududlari o`rtasida o`rnatilayotgan hamkorlikni yuqori baholadi.
“Xavfsizlik masalasi ham har doim diqqatimiz markazida bo`ladi, – dedi Prezidentimiz. – Ayniqsa, terrorizm, diniy ekstremizm singari illatlarga qarshi kurashishda ham o`zaro hamkorlik katta samara beradi”.
Shu bilan birga O`zbekistonda Rossiyaning bir qator oliy o`quv yurtlari filiallari ochilayotgani ta`lim sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichga ko`tarilganidan darak beradi.
Davlatimiz rahbari 2020 yilda Toshkent shahrida Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g`alabaning 75 yilligi munosabati bilan “G`alaba” majmuasi bunyod etilishini bildirdi.
Shuningdek, Prezidentimiz O`zbekistonda Rossiya adabiyoti vakillarining yuz jildlik asarlar to`plami chop etilishini ta`kidladi.






