AsosiyJamiyat

O`zbekistonda kibersport festivali bo`lib o`tadi

'O`zbekistonda kibersport festivali bo`lib o`tadi'ning rasmi

O`zbekistonda 20 oktyabrdan 4 noyabrga qadar kibersport bo`yicha “World Electronic Sports Games” (WESG) xalqaro turniri doirasida malakali matchlar o`tkaziladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

WESG saralash bosqichlari jahon bo`ylab o`tkazilmoqda va uning final bosqichida eng yaxshi o`yinchilar ishtirok etadi. O`zbekiston elektron kompyuter sporti federasiyasi ma`lumotlariga ko`ra, ular orasida malakali matchlarda bir paytning o`zida oltita o`yin turi bo`yicha ishtirok etadigan o`zbek geymerlari ham bo`lishi mumkin.

WESG ishtirokchilarining final janglarini o`tkazish uchun Xitoyning Chunsin shahri tanlandi. 2019 yilning mart oyida bu erga dunyodagi eng kuchli geymerlar to`planadi. Turnirning mukofot jamg`armasi 5,5 million AQSh dollarini tashkil etadi. Avvalgi qator turnirlarda bo`lgani kabi, WESGda, shuningdek, ayollar va erkaklar monomilliy jamoalari ishtirok etadi.

Har yili dunyo miqyosida kibersport bo`yicha ko`plab professional turnirlar o`tkazilib, ularni yuz millionlab tomoshabinlar kuzatib boradi. Joriy yilning 15 avgustidan boshlab O`zbekiston kibersportni sport turlaridan biri sifatida rasman tan olgan mamlakatlar qatoriga qo`shildi. Bu qaror O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan qabul qilindi va 100033001 kodi ostida O`zbekiston Sport turlari reestriga kiritildi. Endilikda mamlakatimizning professional geymerlari o`zlarini sportchilar deb hisoblashlari mumkin.

Elektron kompyuter sportining e`tirof etilgan sport turlari rasmiy reestriga kiritilishi uni rivojlantirishda muhim omil bo`lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, kibersport mahalliy AT tarmog`i uchun raqamli kelajak kalitidir. Katta aviasiya ham shu tariqa, samolyot modellarini karton va fanerdan yasashdan boshlangan edi. Bugun kompyuter sichqoncha va klaviaturasini mohirona boshqarayotgan yoshlar bir kun kelib global raqamli iqtisodiyot etakchilariga aylanishlari ajab emas.

Dunyoda kibersportni an`anaviy sport turlari sirasiga kiritish mumkinmi degan savol ustidagi bahs va munozaralar hanuz davom etmoqda. Kibersportchilar haqidagi eng asosiy yanglish fikrlardan biri, ko`pchilikning ularni kun bo`yi kompyuter oldida o`tirib tashqi olam bilan muloqot qilmaydigan, zaif, kasalmand yoshlar deb tasavvur qilishidadir. Aslida esa professional kibersportchilar kompyuter o`yinlari bilan shug`ullanish bilan bir qatorda sport zaliga ham borib turadi. Bundan tashqari ularning aksariyati, kompyuter o`yinlaridan tashqari futbol o`ynaydi yoki boshqa an`anaviy sport turlari bilan shug`ullanadi.

Hozir dunyo miqyosida kibersportning auditoriyasi 230 million kishidan oshadi, buni boshqa sport turlari auditoriyasi bilan taqqoslash mumkin. Ayni paytda ushbu auditoriya har yili 10-20 foizga oshib bormoqda. Newzoo tahliliy kompaniyasining ma`lumotlariga ko`ra, kibersport sohasidagi daromadlar yildan-yilga o`sib boradi. Bunda salmoqli daromad reklama, homiylik yordami, chiptalar va brend mahsulotlari sotish va kibersport voqealarini translyasiya qilish huquqi hisobiga ta`minlanadi.

2020 yilga kelib kompaniyaning kibersportga ajratiladigan investisiyalari miqdori ikki barobar oshirilishi rejalashtirilmoqda, natijada sanoatning umumiy daromadi 1,5 milliard AQSh dollariga etadi. Bunday auditoriya nafaqat IT sohasidagi yirik kompaniyalar, balki yoshlar va qolaversa o`ziga to`q va zamonaviy texnologiyalarga ixlosmand odamlar o`rtasida o`z brendini olib kirishdan manfaatdor bo`lgan kompaniyalarni ham tobora ko`proq jalb qiladi.

    Boshqa yangiliklar