O`zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi hamda “O`zbekkonsert”davlat muassasasi yana bir xayrli ishga qo`l urdi. Shahrimizda va viloyatlarda joylashgan mehribonlik va muruvvat uylarini taniqli san`atkorlar o`z xohishlariga ko`ra otaliqqa olishdi.
«O`zbekkonsert» matbuot xizmatining xabar berishicha, xalqimiz suyugan xonanda O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, xonanda Bahrom Nazarov shahrimizdagi Xlebushkina nomidagi 22-mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilari huzurida bo`lishdi. Har oyda o`tkaziladigan bu uchrashuvdan murod mehr-muruvvatga mushtoq ko`ngillarga zavq, quvonch, shodlik ulashish bo`lsa, ikkinchidan u erda o`sib voyaga etayotgan bolajonlar orasidan san`atga, musiqaga qiziquvchi, iste`dod egalarini kashf etib, ularga ham moddiy, ham ma`naviy ko`mak berish, «mahorat dars»larini o`tkazib, ularga san`at sirlarini yaqindan tanishtirib, o`rgatishdir.

Ana shunday uchrashuvlardan biri Jizzax viloyati Zomin tumani, Yom qishlog`ida joylashgan «Ayollar» muruvvat uyida bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova va qiziqchi Shukurullo Isroilov ishtirok etib, o`zlarining konsert dasturlari bilan ko`ngillarni quvonchga to`ldirishdi. Uchrashuv so`ngida muruvvat uyiga sovg`alar tuhfa etishdi.
Ezgu so`z, ezgu amal, ezgu ish, ezgu niyatlar ila boshlangan bu xayrli ish xali uzoq davom etib, necha-necha ko`ngillarga malham bo`ladi.






