AsosiyJamiyat

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish istagida bo`lgan shaxslarga huquqiy ko`mak berilmoqda

'Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish istagida bo`lgan shaxslarga huquqiy ko`mak berilmoqda'ning rasmi

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish istagida bo`lgan shaxslarga har tomonlama ko`maklashib, soliq to`lovchilarning qonun hujjatlari normalarini tushunmaslik oqibatida huquqbuzarlik holatlari sodir etilishi hamda ularning javobgarlikka tortilishining oldini olish maqsadida huquqiy ko`mak bermoqda.

Jumladan, savdo, xizmat ko`rsatish va ishlab chiqarish sohasiga oid qonunbuzarliklarning oldini olish, sog`lom raqobatni shakllantirish bo`yicha Olmazor tumanida o`tkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida fuqaro M.Najmiddinova Kichik halqa yo`li, 4-uyda davlat ro`yxatidan o`tmasdan yashirin sex tashkil etganligi aniqlandi. Shuningdek, sexda 20 nafarga yaqin fuqaro norasmiy ravishda ishlayotganligi ma`lum bo`ldi.

– Tadbirkorlik faoliyatini boshlaganimga ko`p bo`lgani yo`q, – deydi M.Najmiddinova. – Ro`yxatdan o`tish tartibi hamda soliq to`lovlari haqida to`liq ma`lumotga ega emasdim. Soliq idoralari xodimlari tomonidan o`tkazilgan profilaktik suhbat jarayonida noqonuniy tadbirkorlikning salbiy oqibatlari hamda qonuniy tadbirkorlikning afzalliklari haqida ma`lumot berishdi. Shundan so`ng faoliyatimni qonuniylashtirdim. Endi xotirjam holda faoliyatimni kengaytiraman.

Profilaktik tadbirlar jarayonida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanish o`rniga, inson sog`ligi uchun zarar etkazadigan mahsulotlarni noqonuniy ravishda savdoga qo`yishga urinayotgan shaxslar ham uchramoqda.

Xususan, Uchtepa tumani, Toshkent xalqa avtomobil yo`lida joylashgan omborxonada fuqaro R.Safarov jami 20 turdagi umumiy qiymati 83 mln. 676 ming so`mlik yog` mahsulotlarini sotish maqsadida saqlayotganligi aniqlandi.

«Uddaburon tadbirkor» tadbir davomida mahsulotning sifat sertifikati hamda tegishli hujjatlarini taqdim eta olmadi va tovarlar vaqtincha olib qo`yildi. Hozirda mazkur yog`larning iste`molga yaroqliligi va fuqaroning qo`liga qanday yo`llar bilan etib kelgani o`rganilmoqda.

Ta`kidlash joizki, joriy yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida o`tkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida 122 ta holatda belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan shaxslar aniqlanib, ular tomonidan savdoga chiqarilgan sifat sertifikati va tegishli hujjatlarga ega bo`lmagan jami 1,8 mlrd. so`mlik tovarlarning noqonuniy savdosiga chek qo`yildi.

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan o`tkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida Uchtepa tumani, «O`rikzor» dahasi, Zarafshon ko`chasi, 2-A uyda joylashgan omborxonada fuqaro M.Umarov xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatsiz shirinlik mahsulotlarini sotish uchun saqlayotganligi aniqlandi.

Tadbir jarayonida omborxona ko`zdan kechirilganda, 9 turdagi umumiy qiymati 21 mln. 219 ming so`mlik sifat sertifikatiga ega bo`lmagan qandolat mahsuloti borligi ma`lum bo`ldi. Fuqaro M.Umarovdan mazkur mahsulotlarning kirim hujjatlari va tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish uchun ruxsatnomalar so`ralganida sukut saqlashdan nariga o`tmadi.

Dunyoda hamma narsani pul bilan o`lchash ham insoniylik fazilatlariga zid aslida. Ayniqsa, bu holat kelajagimiz egalari bo`lgan navqiron avlod vakillari, farzandlarimiz salomatligiga daxldor bo`lsa. Xulosa esa o`zingizdan!

Kamoliddin Xotamov,

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot

sho``basi boshlig`i

    Boshqa yangiliklar