O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Termiz shahridagi «Xalqaro yoshlar oromgohi»da O`rta Osiyo yoshlarining xalqaro «Do`stlik» forumi tashkil etildi.
Mazkur forum kecha O`rta Osiyo mamlakatlaridan tashrif buyurgan yoshlarni Termiz xalqaro aeroportida tantanali kutib olish marosimi bilan boshlandi. O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilayotgan tadbirga qo`shni Afg`oniston, Qozog`iston, Qirg`iziston va Tojikiston davlatlaridan kelgan faol yoshlar «Termiz» xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

O`zbekona urf-odat va karnay-surnay sadolari ostida kutib olingan forum ishtirokchilari endilikda global miqyosdagi ko`plab mavzular yuzasidan fikr almashishadi.
Forumning tantanali ochilish marosimi bugun O`zbekiston yoshlar ittifoqining Termiz shahridagi xalqaro yoshlar oromgohida bo`lib o`tadi. Tadbir ishtirokchilari besh kun davomida o`zaro fikr almashib, inson salomatligi, sport va tabiat muhofazasi muammolari echimlarini muhokama etadi. Fan, ta`lim, madaniyat kabi sohalarning yangi yutuqlari va eng yaxshi ta`lim modellari taqdimotlarini o`tkazadi. Madaniy aloqalarni mustahkamlashda yoshlar tashkilotlarining o`rni va muammolarini hal etishda ko`ngilli yoshlarni jalb etish mexanizmlari singari mavzularni atroflicha tahlil qiladi. Yosh kinematograflar taqdimoti, yosh diplomatlarning «O`rta Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash» mavzusidagi forumi o`tkaziladi.

– «Muammolarni hal etishda ko`ngilli yoshlarni jalb etish mexanizmlari» mavzusi yuzasidan ma`ruza tayyorlab kelganman, – deydi afg`onistonlik Saodatzoda Saidjamoliddin. – Har bir mamlakat yoshlarining o`ziga xos dunyoqarashi bor. Ushbu forum qo`shni davlatdagi tengdoshlarimiz bilan suhbatlashish, tajriba almashishdek ulkan imkoniyatni beradi.
Forum doirasida milliy raqs va milliy liboslar ko`rgazmalari, «Maqom» kechasi tashkil etish, Termiz davlat universitetida ilmiy konferensiya o`tkazish, ishtirokchilarni tarixiy obidalar va zamonaviy inshootlar bilan yaqindan tanishtirish rejalashtirilgan.

Eslatib o`tamiz, ushbu forum joriy yilning 14-oktyabriga qadar davom etadi.






