AsosiyJamiyat

Abdulla Oripovning farzandlari meros talashishdimi yoki qonunan bo`lib olishdimi?

'Abdulla Oripovning farzandlari meros talashishdimi yoki qonunan bo`lib olishdimi? 'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqda “Abdulla ­Oripovning farzandlari meros talashyapti” mazmunidagi xabarlar yashin tezligida tarqaldi. Bu esa o`z o`rnida ko`pchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo`ldi. Ayrim hollarda esa hodisani haddan tashqari bo`rttirib yuborish, shov-shuv ko`tarish ko`zga tashlanmoqda. Ma`lumki, xorijiy mamlakatlarda mashhur shaxslarning vafotidan so`ng ularning merosini taqsimlash turli tortishuvlarga sabab bo`ladi va bu oddiy hol sifatida qabul qilinadi. Xo`sh, aslida nima bo`lgandi o`zi? Ushbu savolga javob topish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi G`ayrat Ergashev bilan bog`landik. Uning aytishicha, chindan ham O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning rafiqasi Xanifa Mustafaeva meros mulk­larini bo`lib berishni so`rab, sudga da`vo arizasi bilan murojaat qilgan...

Da`vogar Xanifa Mustafaevaning vakili B.Eshmurodov sudga da`vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar Shoira Oripova, Yulduz Oripova, Zarifa Oripova, Mavluda Oripova, Ruxsora Oripova va Ilhom Oripovga nisbatan meros ulushlarini aniqlash va meros mulklarini bo`lib berishni so`ragan.

Sudning 2018 yil 18 sentyabr kunidagi ajrimiga asosan, ishga Zarema Oripova mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida javobgar tomonidan jalb qilingan.

Sud majlisida so`ralgan da`vogar Xanifa Mustafaevaning vakili B. Eshmurodov da`vo arizasini qo`llab-quvvatlab, undagivajlarni takrorlab, meros mulki bo`lgan:

► Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar, “Neftchi” MFY, El ko`chasi, 3-sonli kottejdan (Ekspertiza xulosasiga ko`ra, hisobiy bozor bahosi 297.767.142 so`m);

► “Kaptiva” rusumli avtomashinadan (hozirgi kundagi o`rtacha bozor narxi 80.804.200 so`m);

► Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yu.Rajabiy ko`chasi, 72-uy, 33-xonadon (hisobiy bozor bahosi 612.164.974 so`m)dan meros ulushlarini aniqlashni so`ragan.

Hamda meros mulklari bo`lgan:

► Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar, “Neftchi” MFY, El ko`chasi, 3-sonli kottejni;

► Toshkent viloyati Qibray tumani, “Do`rmon” QFY, Yozuvchilar ko`chasi, 2-uyni (hisobiy bozor bahosi 472.722.039 so`m);

► Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yu. Rajabiy ko`chasi, 72-uy, 33-xonadonni hamda “Kaptiva” rusumli avtomashinani Xanifa Mustafae­vaga natura tarzida qoldirishni, qolganlarning ulushini pul miqdorida da`vogardan undirishni so`radi.

Sud majlisida javobgar Yulduz Oripova meros mulki bo`lgan Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yu. Rajabiy ko`chasi, 72-uy, 33-xonadonni unga natura tarzida qoldirishni, Qarshi shahridagikottejni, Qibray tumani “Do`rmon” QFY, Yozuvchilar ko`chasidagi 2-uyni va “Kaptiva” rusumli avtomashinadan o`z ulushini pul shaklida ajratib berilishiga e`tirozi yo`qligini bildirdi.

Shoira Oripova va Yulduz Oripovaning vakili N. Tashpulatov ­Yu.Ori­povaning fikrlariga qo`shilishini, Shoira Oripova o`z ulushini singlisi Yulduz Oripova foydasiga voz kechishi, biroq notarial tartibdagi arizasi yo`qligini aytdi. Sh. Oripova o`z ulushidan voz kechgan bo`lsa-da, ushbu ulushni pullik kompensasiya qilinishiga qarshi ekani, ulushni natura tarzida bo`lib berishni so`raganini bildirdi.

Sud majlisining vaq­ti va joyi to`g`risida ogoh­lan­ti­rilgan javobgarlar Ilhom Oripov, Zarema Oripova sud majlisida ishtirok etishmadi. Ammo sudga yozma ariza taqdim etib, ulushini pul miqdoriga olishga rozilik bildirib, fuqarolik ishini ularning ishtirokisiz ko`rishni so`rashgan. Ruxsora Oripova ham sudga yozma ariza taqdim qilib, otasidan qolgan da`vo ulushidan notarial tartibda onasining foydasiga voz kechganini bildirgan.

Javobgarlar Zarifa Oripova va Mavluda Oripova bugungi kunda AQShda istiqomat qilgani bois, ishni ularning ishtirokisiz ko`rishni lozim topdi.

Fuqarolik kodeksining 1112-moddasiga ko`ra, vorislik vasiyat va qonun bo`yicha amalga oshiriladi.

Mazkur fuqarolik ishi holat­laridan ko`rinishicha, Abdulla Oripov va Xanifa Mustafaeva 1968 yilning 23 aprelida qonuniy nikohdan o`tgan. Ularning 6 nafar farzandi bor.

Abdulla Oripov 2016 yilning 5 noyabrida vafot etgan.

Oila kodeksi 23-moddasining 1-qismiga ko`ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko`char va ko`chmas ashyolar, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilganidan qat`i nazar, er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.

Oila kodeksi 28-moddasining 1-qismiga ko`ra, er va xotinning umumiy mol-mulkini bo`lishda hamda ularning shu mol-mulkdagi ulushlarini aniqlashda, agar er va xotin o`rtasidagi nikoh shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilmagan bo`lsa, er va xotinning ulushlari teng, deb hisoblanadi.

2018 yil 26 sentyar kuni Yakkasaroy tumanlararo sudi chiqargan hal qiluv qaroriga ko`ra, da`vogar Xanifa Mustafaevaning vakili B. Eshmurodovning javobgarlar Sh. Oripova,
Yu
. Oripova, Z. Oripova, R. Oripova,
I
. Oripovga nisbatan meros ulushlarini aniqlash va meros mulklarini bo`lib berish to`g`risidagi da`vo arizasi qanoatlantirildi.

Qarshi shahridagi kottej va “Kaptiva” avtomashinadan Mustafaeva Xanifaning ulushi 12/14 qism. Sh.Oripova va Yu.Oripovaning har birining ulushi 1/14 qismdan, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yu.Rajabiy ko`chasi, 72-uy, 33-xonadonning 1/4 qismidan Mustafaeva Xanifaning ulushi 5/7 qism, Sh.Oripova va Yu.Oripovaning har birining ulushi 1/7 qismdan deb belgilandi.

Qarshi shahridagi kottej, “Do`r­mon”dagi uy, “Kaptiva” rusumli avtomashina hamda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yu. Rajabiy ko`chasi, 72-uy, 33-xonadon natura tarzida Mustafaeva Xanifa tasarrufida qoldirildi.

Merosdan olgan ulush o`rtasidagi farq sifatida Mustafaeva Xanifadan Sh.Oripova foydasiga 82.669.704.1 so`m va Yu.Oripova foydasiga 82.669.704.1 so`m undirilish belgilandi.

Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yu.Rajabiy ko`chasi, 72-uy, 33-xonadonning xususiylashtirish ulushlari hisobidan Mustafaeva Xanifadan I.Oripov va Zarema Oripovaning har biriga 153.041.243.5 so`mdan undirilish belgilandi.

Mustafaeva Xanifadan davlat foydasiga 937.582 so`m davlat boji undiriladigan bo`ldi.

Sh. Oripova va Yu. Oripovaning har biridan davlat foydasiga 1.653.394 so`mdan davlat boji undirilish belgilandi.

Mazkur hal qiluv qarori ustidan nazorat tartibida shikoyat qilinishi yoki protest keltirilishi ham mumkin...

"OTAMNING 4 QATOR ShE`RINI ZEBU ZARGA ALMAShMAYMAN"

Mazkur hal qiluv qarori bilan tashinib chiqqach, muhokamalarning “bosh qahramoni”ga aylangan Yulduz Oripovaning fikrlari bilan ham qiziqdik.

Yulduz ORIPOVA:

— Oila a`zolarimiz orasida hech qanday janjal, murosasizlik holati bo`lgani yo`q. Vaziyat shunday bo`lgandi: opam va mendan boshqa farzandlar merosdagi o`z ulushidan onamning foydasiga voz kechishgan. Ikkimizning rozi bo`lmaganimiz bu – pul talab qildi, degani emas. Maqsadimiz, bari o`z holicha qolishini istagandik. Opam va men hujjatga qo`l qo`ymaganimiz bois, onam Yakkasaroy tuman sudiga merosni narxlatib, ulushlarni pul ko`rinishida taqsimlab berishni so`rab, da`vo arizasi kiritgan. Bu oddiy hol. Men puldan voz kechdim. Onam bilan ham munosabatlarimiz yaxshi, hech qanday mojaro bo`lgani yo`q. Aslida oilada meros xususida gaplashmaymiz ham. Mol-mulk talashish bizning tarbiyamizga zid. Internetdagilar ko`proq odamning e`tiborini jalb qilish maqsadida “Abdulla Oripovning farzandlari meros talashishyapti”, deb nomimizdan foydalandi, xolos. Qonuniy merosxo`rlar qanday meros talashishi mumkin? Bu mantiqqa zid-ku! Otamning to`rt qator she`rini har qanday zebu zarlarga almashmayman. Otamning ma`naviy merosi — haqiqiy boyligim. Dunyoviy mol-mulk esa qo`lning kiri. Hayotda o`ylash uchun merosdan ham muhimroq narsalar bor. Hayotimdagi eng katta fojia, bu — otamni yo`qotganim. Bundan ortiq fojia yo`q. Otamning siymosinafaqat biz, balki butun xalqimiz uchun aziz. Otamning merosi ham xalqniki! Biz, farzandlarning vazifamiz otamning xotirasini abadiylashtirib, nomini pok saqlash! Nodonlarning shov-shuv ko`targani achinarli holat.

Sadoqat Allaberganova

    Boshqa yangiliklar