Bugun poytaxtimizdagi “Yoshlar press-klubi”da O`zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlarining yosh oilalar bilan ishlash yo`nalishi mas`ul xodimlari uchun bir kunlik maxsus o`quv-seminar tashkil etildi.
Ta`kidlash joizki, bugungi kunda jamiyatimizda 1 mln. 793 mingdan ortiq yosh oilalar mavjud. Shundan kelib chiqib, ularning manfaatlarini himoya qilish, qo`llab-quvvatlash, bu boradagi ishlarni tizimli ravishda takomillashtirishni davr taqazo qilmoqda.
O`quv-seminarning birinchi qismida maqsad va vazifalar atroflicha tushuntirildi. O`zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida yosh oilalar bilan ishlash yo`nalishida 9 oy (yanvar-sentyabr) davomida hududlarda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Hududiy Kengashlarning yosh oilalar bilan ishlash yo`nalishida xuddi shu davrda amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisoboti tinglandi.
Kunning ikkinchi qismida ushbu yo`nalishda faoliyat samaradorligini yanada oshirish maqsadida qator vazifalar belgilandi. Jumladan, II yarim yillikda amalga oshirilishi lozim bo`lgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu yo`nalishdagi Farmon va Qarorlarini bandma-band ijrosini ta`minlash borasida ko`rsatmalar berildi. Yosh oilalar bilan ishlash yo`nalishida amalga oshiriladigan ishlarni OAV orqali yoritish masalalari ham talab darajasida emasligi va bu borada ham zamonaviy metodlarni qo`llash lozimligi ko`rsatib o`tildi.
Yosh oilalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida yangi loyiha — “Yosh oilalarga O`zbekiston yoshlar ittifoqining ko`magi”ning mazmun-mohiyati, undan ko`zlangan maqsad atroflicha tushuntirildi. Yoshlar o`rtasida uchrayotgan erta nikoh, erta tug`ruq hamda oilaviy ajrimlarning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturiga taklif tayyorlandi. Endilikda ushbu mexanizm asosida mamlakatimizning barcha hududlarida tizimli ishlar amalga oshirilishi belgilandi.
Seminarda yoshlar o`rtasida uchrayotgan erta nikoh, erta tug`ruq hamda oilaviy ajrim kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida qator vazifalar belgilandi:
— yosh oilalar o`rtasida ma`naviy-ahloqiy muhitni sog`lomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va milliy mentalitetga zid bo`lgan turli yot xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida notinch va muammoli, ayniqsa og`ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan yosh oilalar bilan individual suhbatlar tashkil etish va ularga amaliy yordam ko`rsatish;
— yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning ma`naviy-ahloqiy negizlari va an`anaviy oilaviy qadriyatlarini yoshlar ongiga singdirish maqsadida “Sog`lom oila – sog`lom jamiyat” konseptual g`oyasi asosida manzilli targ`ibot tadbirlarini o`tkazish;
— yoshlar o`rtasida erta nikoh va erta tug`ruqning salbiy oqibatlarini oldini olishga qaratilgan seminar va uchrashuvlar tashkil etish;
— yosh oilalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish, yuridik va psixologik maslahatlar berish maqsadida yosh oilalar uchun haftada bir marta psixolog va huquqshunoslar qabulini tashkil etish;
— erta nikohning, oilalardagi nizoli holatlar va ajrimlarning oldini olish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayoni shu jumladandir.
O`quv-seminar so`nggida hamkor tashkilotlar bilan tizimli ishlarni yanada jonlantirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Yosh oilalar mustahkamligini ta`minlash, qo`llab-quvvatlashda har bir xodimning mas`uliyati oshirildi.






