AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik o`quvchilar matematika bo`yicha xalqaro musobaqada g`alaba qozondilar

'O`zbekistonlik o`quvchilar matematika bo`yicha xalqaro musobaqada g`alaba qozondilar'ning rasmi

Shu yilning 1-6 iyul kunlari Bolgariyaning Burgas shahrida o`tkazilgan maktab o`quvchilari o`rtasidagi matematika bo`yicha xalqaro musobaqada vakillarimiz 1 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medalni qo`lga kiritishdi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yurtimizda o`tgan yillar davomida ta`lim tizimi tubdan isloh qilinib, o`qitish jarayoniga ilg`or metod va usullar, yangi pedagogik texnologiyalar tatbiq qilindi. Dars va mashg`ulotlarda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan keng foydalanilayotgani esa o`g`il-qizlarimizning fanlarga qiziqishini oshirmoqda. Pirovardida, ta`lim sifat va samaradorligi yuksalib, ularning nufuzli ko`rik-tanlov hamda intellektual musobaqalarda zafar quchishiga zamin yaratmoqda. O`quvchilarimizning Bolgariyada erishgan g`alabasi ham tizimdagi islohotlarning amaliy samarasidir.

Maktab o`quvchilarining Xalqaro matematika musobaqasi («International Mathematics Competition») dunyoning iqtidorli o`quvchilari uchun eng katta va muhim forum hisoblanib, unda ishtirok etish har bir mamlakat uchun sharafdir.

Mazkur nufuzli musobaqada beshinchi marta ishtirok etgan O`zbekiston terma jamoasi shu yili musobaqada ishtiroki tarixida ilk marotaba umumjamoa hisobida eng ko`p medalni olishga muvaffaq bo`ldi.

Buxoro viloyati Qorako`l tumanidagi 1-IDUMning 8-sinf o`quvchisi Doniyor Ismoilov oltin medalni qo`lga kiritdi. Ushbu maktabning 7-sinf o`quvchisi Rajabboev Lazizbek va Peshko` tumanidagi 18-maktabning 9-sinf o`quvchisi Norboev Jahongirlar – kumush medal, Termiz shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 7-sinf o`quvchisi Buriev Iskandar, Uchtepa tumanidagi 4-maktabning 7-sinf o`quvchisi Madjidov Mukhammadrizolar bronza medalga sazovor bo`lishdi.

    Boshqa yangiliklar