AsosiyJamiyat

19 yoshda turmush qurishga ham, ajrashishga ham ulgurdi

'19 yoshda turmush qurishga ham, ajrashishga ham ulgurdi'ning rasmi

O`zbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan "Chimildiq" filmi yoxud shu asar spektakli ko`pchilikning qalbidan joy olgan. O`shanda yosh kelin momosiga: "O`qimoqchiydim, shoira bo`lmoqchiydim...", deb yozg`iradi, yig`laydi.

Alam bilan aytilgan bu so`zlarda kattalarning qaroriga norozilik, o`z maqsadini ularga uqtira olmagani aks etgan.

Rivojlanib borayotgan, yoshlarga keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilayotgan, erta turmushning salbiy oqibatlari haqida tushuntirish-targ`ibot ishlari muntazam olib borilayotgan bugungi kunda ham bu kabi illatlar namoyon bo`lib turibdi.

«19 yoshdaman. Shu yoshda turmush qurib, ajrashishga ham ulgurdim. O`qituvchi bo`lishni istaganman. Maktabni a`lo baholar bilan bitirgach, ota-onam o`zim xohlagan kollejda o`qishimga ruxsat bermadi. Onam turli bahonalar qilib, darslarga yubormas, kitob-daftarlarni ham dugonalarimdan olardim. Ikki singlim va bitta ukam bo`y cho`zib kelayotganini bahona qilishardi. O`qishning turgan-bitgani xarajat ekanini takrorlashdan charchamasdilar. Aslida esa qizlarni uzatish masalasi o`rtaga chiqqanda qo`sha-qo`sha mebellar, sarpolar qilish haqida o`ylashardi. Meni unashtirishdi. Sarpo-surug`i joyida bo`lgan “o`ziga to`q kelinning” to`yi haqida etti mahalla eshitdi. Ammo hech kim mening orzularim, o`y-xayollarim, yoshim bilan qiziqmadi.

Kuyov ham mendan atigi ikki yosh katta edi. Biz olti oy birga yashadik. Bunga mening oilaga tayyor emasligim, g`o`rligim, tajribasizligim sabab, deb bilaman. Ammo turmush o`rtog`imning qat`iyatsizligi, oila boshi bo`lish, uni tebratish, murosa qilishni bilmasligi ham turmushimiz buzilishiga olib keldi. Biz ikkimiz ham turmushning “musht”lariga hali tayyor emasligimiz, kattalarning esa ko`zi boylikni ko`rib, faqat pul haqidagi gaplarni eshitgani taqdirimizga salbiy ta`sir ko`rsatdi».

Bu surxondaryolik Laylo A`zamxo`jaevaning kattalarning shoshqaloqlik bilan qilgan xatosi, o`zining esa yoshlik qilganidan pushaymoni.

U hozirda otasining savdo ob`ektida sotuvchilik qilmoqda. Agar kattalar farzandlarining orzu-istaklari, o`y-xayollari bilan ozgina qiziqishganida, faqat o`zim haqman, degan shoshqaloq va xato fikrdan yiroq bo`lganida edi bugun ikki inson hayoti bu qadar murakkablashmagan bo`lardi. Ular alamzadalik, hayotdan norozilik kayfiyati o`rniga shodon va baxtiyor oila qurish imkoniyatiga ega bo`lishi mumkin edi.

Ota-ona farzandining kamolini ko`rish, ularning baxtu saodatiga sherik bo`lish uchun tunu kun mehnat qiladi, elib-yuguradi. Afsuski, oramizda faqat o`z so`zini to`g`ri, xatti-harakatlarini esa oqilona va odilona deb o`ylaydigan kattalarimiz ham bor. Bunday fe`l-atvorga ega oila boshilari esa o`z farzandlarining baxtsizligi, ko`ngli o`ksik bo`lishiga sababchi bo`lmoqda.

O`qimishli, hunarli, mustaqil fikrga ega, oilasida baxtli tengdoshlarini ko`rib, Laylo kabi qizlarning ko`ngli buzilmaydimi? Noto`g`ri qaror asosida oila qurgan, ammo uni saqlab qolishga ham sabr-qanoat, kuch, imkoniyat topa olmagan shunday yigit-qizlarning kelajagi nima bo`ladi? Ularning hammasi ham o`z yo`lini topib keta oladimi?

– O`g`limni 18 yoshida o`zi istagan qizga uylantirdik, – deydi Mirobod tumanida yashovchi Sayyora Ergashova. – Kelinim ikkisi tengdosh. Aqlli, esli-hushli, chaqqongina. Ammo u birinchi homilasidan ajralgach tushkunlikka tushib qoldi. O`zini qo`lga olishi qiyin kechdi. O`g`lim bilan tez-tez tortishar, jahli chiqqanida o`z joniga qasd qilish darajasigacha borardi. Bir o`limdan qoldi. Boshida men ham bu jiddiy ekanini anglamabman. Ammo ketma-ket uch homilasidan ayrildi. So`ng ruhshunos va shifokorlar yordami bilan sog`lom hayotga qaytdi. Shundagina bu yosh turmush qurgani bilan bog`liq ekanini, o`zini erkin, mustaqil tuta olmagan yosh kelinimni oilamizga moslashishi qiyin bo`lganini bildim.

Mutaxassislarning fikricha, erta turmush qurish va yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikohdan nogiron farzandlar tug`ilishi, bepushtlik kabi noxush oqibatlar ko`p hollarda muqaddas oila qo`rg`onining buzilishiga olib keladi. Oila qurish, turmush aravasini tortishga tayyor bo`lmagan ikki yosh sog`lom farzandlarni ham dunyoga keltira olmaydi, oilaning baxtiyor va mustahkam bo`lishi ham gumon.

Skrining tekshiruvlari natijalari shuni ko`rsatmoqdaki, bolalardagi turli xil anomaliyalar, ayniqsa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan qarindoshlar o`rtasidagi nikoh tufayli yuzaga kelmoqda. Bugungi davrda ko`pchilik erta turmush, qarindoshlar o`rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini biladi. Ammo bu menga tegishli emas, degan xato fikrni olg`a suradi. Natijada nosog`lom farzandlar dunyoga keladi, oilalar o`rtasida sovuqchilik paydo bo`ladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushadi. Oilalar barbod bo`ladi.

Qizlar, avvalo, bo`lg`usi ona, nasl davomchilari. Shubhasiz, qiz bola sog`lom, bilimli, zamonaviy kasb-hunar egasi bo`lsa, u quradigan oila ham, bu oilaning mevasi bo`lmish bola ham sog`lom va baxtli bo`ladi. Oila sog`lom va baxtli bo`lsa, butun jamiyat barqaror va farovon rivojlanadi. Shunday ekan qizlarni kasb-korli qilish, ularni hayotning achchiq-chuchugiga tayyorlash, mas`uliyat borasida yigitlarni ham to`g`ri yo`lga boshlashni bugungi davrning o`zi talab etmoqda.

– Yurtimizdagi barcha oliy ta`lim muassasalarida hududiy xotin-qizlar qo`mitalari bilan hamkorlikda «Qizlarjon» klubi va «Yosh oila maktablari» faoliyat olib boradi, – deydi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi "Ma`naviyat va ma`rifat" markazi mutaxassisi Shahlo Ahrorova. – Klub va maktab tomonidan tashkil etiladigan targ`ibot-tashviqot tadbirlarida malakali professor-o`qituvchilar bilan birga “tengdosh-tengdoshga” loyihasi doirasida tashabbuskor, bilimli, muvaffaqiyatlarga erishayotgan qizlar ham faol ishtirok etadi. Bu tadbirlar samarani bermoqda. Ammo ta`limning quyi bo`g`inlaridayoq ayni jihatlarga e`tibor qaratish lozim. Oliy ta`lim tizimi davrida yigit-qizlarni xulqiy nazorat qilish mumkindir, ammo maktabning yuqori sinfida, kollej va lisey davrida erta nikoh masalalariga jiddiy yondashish muhim, deb o`ylayman.

Bugungi kunda farzandning kelajagi uchun endi faqat ota-onaning o`zigina emas, balki ta`lim muassasasi, mahalla, kerak bo`lsa butun jamiyat javobgardir.

Kattalar bugun “farzandim turmush qurishga tayyormi?” deb, yoshlar esa o`zidan “oila qurishga tayyormanmi?” deb qayta-qayta so`rashi lozim. Shundagina to`g`ri fikr yuzaga chiqadi. Kasallikni davolagandan ko`ra, uning oldini olgan afzaldir.

Barno Meliqulova, O`zA

    Boshqa yangiliklar