O`zbekistonda ilk zamonaviy tog` chang`isi kurorti qurilishini Andorra kompaniyasi muvofiqlashtirib boradi. Tog` kon komplekslari biznes jarayonlarini boshqarish va bu sohada xizmatlar ko`rsatish bo`yicha dunyoda etakchi bo`lgan Andorraning PGI kompaniyasi va O`zbekistonning Amirsoy Mountain Resort kompaniyasi o`rtasida bitim imzolandi. Bu haqda “Xalq so`zi” xabar bermoqda.
PGI loyihani ilk qadamlaridan boshlab to tog` chang`isi kurorti o`z faoliyatini boshlamaguncha va birinchi mijozlarini qabul qilmaguncha boshqaradi. Dastlabki bosqichda loyihani boshqarish, keyin qurilishning o`zini nazorat qilish bilan shug`ullanadigan maxsus xalqaro mutaxassislar jamoasi yig`ib beriladi.
Mazkur loyihadan ko`zlangan asosiy maqsad – tog` chang`isi kurorti top-menejmenti uchun strategik qo`llab-quvvatlashni taklif etish, texnik talablarni belgilash, loyihaning barcha manfaatdor tomonlari uchun kommunikasiya liniyasini yaratish, qurilish jarayonini risoladagidek muvofiqlashtirishni ta`minlash.
Keyingi bosqichlarda Andorra kompaniyasi loyiha o`z muddatida, lekin sifat yo`qotilmagan holatda bajarilishi uchun barcha pudratchilar jamoasini boshqarishda ko`mak beradi hamda qurilish jarayonlarini nazorat qilib boradi.
Pirovardida “Amirsoy” O`zbekistonda yil bo`yi faoliyat yuritadigan va xalqaro standartlarga javob beradigan birinchi tog` chang`isi kurortiga aylanadi.
PGI kompaniyasi ayni paytda Ozarbayjon, Fransiya, Argentina, Qozog`iston va boshqa davlatlardagi kurortlarni boshqarib kelmoqda.






