Mamlakatimizda turizm industriyasini yanada rivojlantirish, xizmat ko`rsatish sifati va samaradorligini oshirish, yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar oqimini ko`paytirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent viloyatida ham turizmning ekstremal va tog` turizmi yo`nalishlari bo`yicha qulay muhit mavjud. Chang`i, snoubording, paraplan va deltoplanda uchish, velosport, motosport kabi sport turlarini rivojlantirish uchun tabiiy sharoitlar etarli. Bugungi kunda Toshkent viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo`yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatimizda ekoturizm salohiyati ham yuqori bo`lib, ulkan tog` tizmalari, noyob hayvonot va o`simlik dunyosi, qulay iqlimi bilan ajralib turadi. Birgina “Ugam-Chotqol” davlat milliy tabiat bog`ida hayvonot va o`simliklarning eng noyob turlarini uchratish mumkin. Sayyohlarning aksariyati Bo`stonliq va Parkent tumanlarida joylashgan tarixiy qadamjolarni ziyorat qilish uchun ham keladi. Ziyorat va gastronomik turizm rivojlangan.
Viloyatda 45 mehmonxona, mahalliy va xorijiy turistlarga xizmat ko`rsatuvchi 120 korxona, 71 sanatoriy va dam olish maskanlari mavjud. 2017 yilda viloyatga kelgan sayyohlarga xizmatlar ko`rsatish hajmi qariyb 72,6 milliard so`mni tashkil etib, o`tgan 2016 yilga nisbatan 106 foizga o`sgan. Joriy yilda ham bu ko`rsatkich yanada yuqori bo`lishi kutilmoqda.
Prezidentimizning 2018 yil 4 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo`ldi. Endilikda yurtimizga kirish vizalarini rasmiylashtirish xorijiy mamlakat fuqarolari uchun yanada soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Qarorda keltirilganidek, turistlar oqimini ko`paytirish uchun hujjatni rasmiylashtirishda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari xizmatidan unumli foydalanish zarur. Ayniqsa, elektron kirish vizalar tizimi bo`lgan «E-VISA.UZ» keng amaliyotga joriy etilayotgani sohada ko`plab qulayliklar yaratadi.
2018 yil 15 iyuldan boshlab xorijiy fuqarolar yurtimizga kirish vizasini rasmiylashtirish uchun O`zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralariga majburiy murojaat etishlari bekor qilinadi. Bundan tashqari, xorijiy fuqaroning kirish vizasini olish uchun murojaatini ko`rib chiqish muddatlari qisqartiriladigan bo`ldi.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qaror turizm sohasidagi davlat siyosatining mantiqiy davomi hisoblanishi bilan birga Toshkent viloyatining turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, rivojlantirish va yangi turistik yo`nalishlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, turistik xizmatlar sifatini oshirish, uning asosida yangi ish o`rinlari yaratish hamda aholining daromadlari o`sishini ta`minlaydi.
Baxtiyor Ruhiddinov,
Toshkent viloyati hokimligi Turizmni rivojlantirish
masalalari bo`yicha kotibiyat mudiri.
O`zA






