AsosiyJamiyat

Mo`ynoqda yangi korxona ishga tushdi

'Mo`ynoqda yangi korxona ishga tushdi'ning rasmi

Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumanidagi kichik sanoat zonasi hududida polipropilen qoplar ishlab chiqarish sexi ish boshladi. “Qara oy Moynaq Babur” mas`uliyati cheklangan jamiyati qoshida tashkil etilgan korxonada 25 yangi ish o`rni yaratildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

– Umumiy qiymati 3 milliard 200 million so`m bo`lgan ushbu loyiha yiliga 6 million dona qop ishlab chiqarishga mo`ljallangan, – deydi mazkur MChJ rahbari Abdulhafiz Ismatullaev. – Korxonaga asosan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga jalb qilganmiz.

Xitoy Xalq Respublikasidan polipropilen qop ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilishda tadbirkorning o`z mablag`iga qo`shimcha bankning imtiyozli krediti ham qo`l keldi.

– Ko`pdan buyon ishsizlikdan qiynalib kelayotgan edim, – deydi korxona ishchisi Omongul Jumamurodova. – Mana, tumanimizda yangi korxona ochilgani biz kabi ishsiz fuqarolar uchun ayni muddao bo`ldi,

Prezidentimizning 2017 yil 28 fevraldagi 2017-2018 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi qarori asosida tumanda keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatga asosan tumanda to`qimachilik, tayyor trikotaj mahsulotlari, tomchilab sug`orish uskunalari, suv nasoslari, plastmassa quvurlar, elektrotexnika va farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, baliqchilikni rivojlantirish va baliq mahsulotlari tayyorlash, farmasevtika uchun yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyo bazasini mustahkamlash, sayyohlik xizmatini taraqqiy ettirishga oid 72 loyihani amalga oshirish ko`zda tutilgan.

Ushbu loyiha ham yuqoridagi qaror ijrosi doirasida amalga oshirildi. Yaqin kunlarda hududda sochiq ishlab chiqarish korxonasi ham ish boshlaydi.

    Boshqa yangiliklar