AsosiyJamiyat

Eski elektr hisoblagichlarni qiyoslashdan o`tkazish uchun iste`molchi haq to`lamaydi

'Eski elektr hisoblagichlarni qiyoslashdan o`tkazish uchun iste`molchi haq to`lamaydi'ning rasmi

Maishiy iste`molchilarning elektr energiyasini hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizomga tegishli o`zgartirishlar kiritildi, deb yozadi "Norma" nashri.

2018 yil yanvar oyida yangi Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari qabul qilingan edi. Unda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan faqat zamonaviy hisobga olish priborlari, ya`ni elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) integrasiya qilingan priborlar qiyoslashdan o`tkazilishi aytilgan. Bundan zamonaviy talablarga javob bermaydigan hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o`tkazish uchun to`lovni iste`molchi (mulkdor) mustaqil ravishda amalga oshirishi kelib chiqqan edi.

Qabul qilingan hujjat vaziyatni o`zgartirdi. Endi har qanday hisobga olish priborini davriy va rejadan tashqari qiyoslashdan o`tkazish hududiy elektr tarmoqlari korxonalari hisobidan amalga oshirilishi to`g`ridan-to`g`ri ko`rsatilgan. Buning uchun iste`molchi to`lovni amalga oshirishi aytilgan barcha normalar Nizomdan chiqarib tashlandi.

Faqat priborga iste`molchi aybi bilan shikast etkazilgan taqdirda to`lovni amalga oshirishga to`g`ri keladi.

Bundan tashqari, avval qabul qilingan qarorlarga muvofiq EHNATni joriy etish doirasida o`rnatilgan hisobga olish priborlarini davriy qiyoslashdan o`tkazish 10 yilni tashkil etishi aytib o`tilgan. Boshqa priborlarni qiyoslashdan o`tkazish, ilgarigidek, 4 yilni tashkil etadi.

Elektr tarmoqlarining vakolatli xodimi Majburiy ijro byurosi vakili ishtirokida hisobga olish priborini qiyoslashdan o`tkazish uchun echib oladi. Bunda hisoblagich va plombalarning butligi tekshiriladi va bu haqda 4 nusxada dalolatnoma tuziladi (bir nusxadan iste`molchiga, hududiy elektr tarmoqlariga, Majburiy ijro byurosiga va metrologiya xizmatiga takdim etiladi). Hisoblagich qayta o`rnatilganda esa – 3 nusxada dalolatnoma tuziladi, qo`shimcha ravishda iste`molchiga hisobga olish priborining qiyoslashdan o`tganligi haqidagi sertifikatning asl nusxasi beriladi.

    Boshqa yangiliklar