AsosiyJamiyat

Bosh vazir o`rinbosari xo`rlangan ayol sha`ni himoya qilinishini aytdi

'Bosh vazir o`rinbosari xo`rlangan ayol sha`ni himoya qilinishini aytdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Tanzila Narbaeva Kattaqo`rg`onda ichki ishlar xodimi tomonidan tahqirlangan ayol voqeasiga yana bir marta munosabat bildirdi.

«Hurmatli yurtdoshlar! Samarqandlik singlimizga qilingan qo`pol munosabatni men ayol sifatida, Qo`mita rahbari sifatida keskin qoralayman. Shu kimsaning jazolanish jarayonini albatta shaxsiy nazoratimga olaman. Sud jarayonida ham albatta vakillarimizning qatnashib, Ayol sha`nini himoya qilinishini ta`minlayman. Bunday holat qaytarilmasligi yuzasidan ichki ishlar vazirligi bilan muzokaralar tashkil qilinishini ma`lum qilaman», — deb yozadi Narbaeva o`zining Facebook’dagi sahifasida.

Bundan avvalroq Bosh vazir o`rinbosari kattaqo`rg`onlik ayol voqeasiga munosabatida respublika xotin-qizlar qo`mitasi ayollar bilan, u qanday xato qilib qo`yganidan qat`iy nazar, bunday munosabatda bo`lishga mutlaqo qarshiligini, qo`mita shu ayolning muammosi bilan albatta shug`ullanishini bildirib o`tgandi.

Eslatib o`tamiz, oldinroq 2018 yil 4 iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Kattaqo`rg`on shahar IIB tezkor vakili, ayolni tahqirlagan S. Umarovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgani haqida xabar berilgandi.

    Boshqa yangiliklar