AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri deputatlarning savollariga javob berdi

'O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri deputatlarning savollariga javob berdi'ning rasmi

Aholi bandligini ta`minlash bo`yicha olib borilayotgan ishlar hukumat soatida muhokama qilindi.

Aholi bandligini ta`minlash, yangi ish o`rinlarini yaratish, ishsizlik darajasini pasaytirish, mehnatga layoqatli fuqarolarning mehnat qilish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish hamda ish izlayotgan muhtoj shaxslarni kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini kengaytirish 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida ustuvor vazifalardan biri qilib belgilangan.

Ta`kidlash joiz, deputatlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvoli yuzasidan joylarda olib borgan o`rganishlari davomida hamda fuqarolarning murojaatlarida bandlik masalalari ko`tarilgan.

Shu munosabat bilan joriy yilning 5 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o`tkazilgan «Hukumat soati»ga hududlarda aholi bandligi masalasida yo`l qo`yilayotgan rasmiyatchiliklarni bartaraf etish, aholini ish bilan ta`minlash hamda mehnat bozorida ishchi kuchiga bo`lgan talabni oshirishga olib keladigan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to`g`risidagi masala kiritildi.

Ushbu masala yuzasidan deputatlar oldida axborot berish hamda ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishi uchun “Hukumat soati”ga O`zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri taklif etildi.

Tadbir avvalida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 4 iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta`minlash masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida ko`tarilgan masalalar deputatlar e`tiborida bo`ldi.

Mazkur yig`ilishda diqqat markazda bo`lgan yoshlarning bandligi, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo`lgan mutaxassislik va biznes ko`nikmalariga o`qitish, ish bilan ta`minlash choralarini ko`rish deputatlik korpusi oldida ham turgan dolzarb vazifa ekanligi alohida ta`kidlab o`tildi.

Vazir o`z axborotida qayd etganidek, joriy yilning yanvar-may oylarida respublika bo`yicha 213 mingtaga yaqin ish o`rinlari yaratildi. Iqtisodiyot tarmoqlarida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va ular faoliyat ko`lamini kengaytirish, avval xususiylashtirilgan va faoliyatida susayish kuzatilgan korxonalarni rivojlantirish uchun “Yo`l xarita”larini ishga solish, qishloq joylarda arzon uy-joylar, ko`p qavatli turar joylar va yo`l-muhandislik infratuzilma qurilishi, ijtimoiy soha infratuzilmasini rivojlantirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga yangi ish o`rinlari yaratishda shunday ko`rsatkichlarga erishildi.

Vazir tomonidan ta`kidlanganidek, shunday ko`rsatkichlarga erishilganligi bilan qanoatlanish kerak emas. Chunki bu borada foydalanilmagan imkoniyatlar hali ham mavjud. Faqat ayrim mutasaddi organlar biroz sustkashlikka yo`l qo`ymoqda. Xususan, amalga oshirilayotgan ishlar bilan birgalikda ayrim mahalliy hokimliklar tomonidan yangi ish o`rinlarini yaratish borasida ishlar etarli darajada tashkil etilmagani va mavjud imkoniyatlar to`liq safarbar qilinmagani ma`lum. Jumladan, joriy yil 1-choragi uchun doimiy ish o`rinlarini belgilangan prognoz ko`rsatkichlari Yangiobod, Zomin, Arnasoy, Shovot, Beshariq, Zangiota, Uchko`prik, Oltiariq hamda Xatirchi tumanlarida bajarilmagan.

Taqdim etilgan axborotda tashqi mehnat migrasiyasi masalalari bo`yicha 2018 yilning o`tgan davri mobaynida fuqarolarning tashqi mehnat migrasiyasini ta`minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilgani alohida e`tirof etildi. Jumladan, bu boradagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalariga e`tibor qaratilgan bo`lib, “Mehnat migrasiyasi to`g`risida”gi va “Rekruting faoliyati to`g`risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqildi. Ayni paytda Qonunchilik palatasida “Rekruting faoliyati to`g`risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko`rib chiqilmoqda.

Ta`kidlab o`tilganidek, vazirlik tomonidan aholi bandligini ta`minlash va uning barqaror real daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinmoqda va bu borada qator muammoli masalalar aniqlanib, ularni hal etishga e`tibor qaratilmoqda. Xususan, mehnat bozorining yagona informasion-tahliliy tizimini yaratish, ishsizlarni kasbiy o`qitish tizimini takomillashtirish, tashqi migrasiya masalalarini qayta ko`rib takomillashtirish choralari ko`rilmoqda.

Muhokamalar jarayonida fuqarolar, xodimlarning kafotlangan mehnat huquqlarini va mehnat muhofazasini ta`minlash, biron-bir shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish hollariga yo`l qo`ymaslik, ayrim salbiy holatlarni aniqlash hamda bartaraf etish bo`yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir davomida bandlik va mehnat munosabatlari vaziri deputatlarning aholi bandligi, fuqarolarni ish bilan ta`minlash hamda mehnat bozorida ishchi kuchiga bo`lgan talabni oshirish yuzasidan bergan savollariga javob qaytardi. Yig`ilish yakunida mazkur sohadagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar