Shu kunlarda yurtimizdagi barcha oliy ta`lim muassasalarida 2018/2019 o`quv yili uchun qabul jarayoni qizg`in davom etmoqda. Oliy o`quv yurtiga o`qishga kirib malakali mutaxassis bo`lib etishishni diliga tukkan har bir yigit-qiz va farzandi mustaqil hayot ostonasida turgan ota-onalarning hayajoni cheksiz. Barcha abiturientlarning dilida bitta tilak, ya`ni talabalar safidan joy olish.
Ma`lumki, oliy o`quv yurtlariga hujjat topshirish ham ancha mas`uliyatli jarayon bo`lib, bunga jiddiy taraddud ko`rish talab etiladi. Ya`ni, oliy o`quv yurtlari qabul komissiyalariga o`rta va o`rta maxsus ma`lumot olganlik to`g`risidagi hujjatlar bilan birga salomatligi haqida 086-h shakldagi tibbiy ma`lumotnomani ham taqdim etilishi lozim. Shu o`rinda, ota-onalar va yoshlarda bunday ma`lumotnomani qaerdan olish kerak, qaysi tibbiyot muassasasiga murojaat qilish kerak, shifokorlar ko`rigi va tahlillar pullimi yoki bepul, degan savollar tug`ilishi tabiiy.
Ushbu mavzuga aniqlik kiritish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati boshlig`i Furqat Sanaevga murojaat qildik:
“Sog`liqni saqlash vazirligining 2017 yil 25 dekabrdagi 777-sonli buyrug`iga muvofiq tasdiqlangan 086-h shakldagi tibbiy ma`lumotnoma ambulator-poliklinika muassasalarida yuritiladigan tibbiy hujjat hisoblanib, uni yuritishdan maqsad yoshlarning salomatlik holatini nazoratdan o`tkazishdir. Zero, o`z oldiga katta maqsadlar qo`ygan, oliy ta`lim olib el-yurtga xizmat qilishga bel bog`lagan yigit-qizlar, avvalo, har tomonlama sog`lom va tetik bo`lishi lozim.
086-h shakldagi tibbiy ma`lumotnomani to`ldirish uchun yoshlar terapevt, jarroh, nevropatolog, endokrinolog, okulist, otolaringolog, stomatolog, dermatolog kabi shifokorlar ko`rigidan o`tadi. Rentgen, flyuorografiya, laboratoriya tahlillarini topshiradi. Mazkur hujjatga profilaktik emlashlar haqidagi ma`lumotlar ham qayd etiladi.
Ko`rib turganingizdek, tibbiy ko`rik jarayoni ancha chuqur, tor mutaxassislar tekshiruvini talab etadi. Shu bois, bunday ko`riklar asosan tumanlardagi ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalarda tashkil etiladi. Ushbu birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida esa bunday tibbiy tekshiruvlarni talab darajasida tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tibbiyotning turli sohalari bo`yicha tor mutaxassislar, zamonaviy laboratoriya tahlil va diagnostika vositalari tibbiy ko`riklarni talab darajasida tashkil etishga zamin yaratmoqda. Barcha abiturientlar bu imkoniyatdan oqilona foydalanib salomatligini to`liq tekshiruvdan o`tkazishi mumkin.
Eng muhimi: abiturientlar uchun tibbiy ko`riklar va tekshiruvlar, shuningdek, 086-h shakldagi tibbiy ma`lumotnomani to`ldirib berish bepul. Tibbiy ma`lumotnomaning barcha bandlari tegishli shifokorlar tomonidan to`ldirib bo`linganidan keyin uni davolash - profilaktika muassasasi bosh shifokori tasdiqlab imzo qo`yadi va hujjatning pastiga tibbiyot muassasasi muhri bosiladi. Ana shunday talablar asosida to`ldirilgan 086-h shakldagi tibbiy ma`lumotnoma abiturientning salomatlik holati haqidagi asosiy hujjat bo`lib, u oliy o`quv yurtlari qabul komissiyalariga taqdim etiladi.
Shu o`rinda, shuni ham eslatib o`tishim lozimki, agar abiturientlar va ota-onalar bunday tibbiy ma`lumotnoma olish uchun ortiqcha ovoragarchilikka duch kelsa yoki bu jarayonda pul talab qilinsa, tibbiyot muassasasida tashkil etilgan “Ishonch telefonlari”ga qo`ng`iroq qilib, haq-huquqingizni talab etishga haqlisiz“, - deydi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati boshlig`i Furqat Sanaev.






