«Samarqand aeroport» chegara bojxona posti tomonidan 2018 yilning shu kuniga qadar jami 102 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, ular bo`yicha 426,9 million so`mlik tovar-moddiy qimmatliklar ashyoviy dalil tariqasida olib qo`yildi. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma`lum qildi, deya xabar beradi«Zarafshon» nashri
Ushbu huquqbuzarliklarning barchasi «yashil yo`lak»ni tanlagan yo`lovchilar tomonidan sodir etilgan. Aniqlangan huquqbuzarlikdan 4 tasi — voyaga etmagan shaxslar pornografiyasi hamda ta’qiqlangan diniy aqidaparastlik mazmunidagi materillarni Respublika hududiga olib o`tishga urinish holatlarini tashkil etib, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atildi.
Shuningdek, 8 ta holatda 577,22 gramm zargarlik buyumlari, 9 ta holatda tibbiy amaliyotda foydalanishga yaroqsiz bo`lgan 1510 dona dori vositasi va tibbiyot buyumi, 69 ta holatda 8119 ta pornografik mazmundagi va shafqatsizlikni targ`ib etuvchi mahsulotlar, 50 dona patron gilzasini ham aynan «yashil yo`lak» niqobida qonunga xilof ravishda olib kirilishi fosh etilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan bojxona tartib qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida ishlar yuritilgan.







