Davlat test markazi tomonidan 5 iyul kuni bo`lib o`tadigan Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta`lim muassasalariga o`qishga kirish uchun test sinovlari o`tkazilish joylari ma`lum bo`ldi. Unda ishtirok etuvchi nomzodlar ro`yxati Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi tomonidan o`rganib chiqildi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Jumladan, O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga kirish uchun test sinovlari Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi (Niyozbek yo`li 3-tor ko`chasi) oliy ta`lim muassasalararo universal sport kompleksining pavilonida o`tkaziladi. Sport paviloni sig`imi 1100 kishiga mo`ljallangan. Akademiyaga kirish uchun 1000 dan ortiq nomzodlar bo`lib, aksariyati o`zbek tili lotin alifbosida, qolganlari esa qoraqalpoq tili lotin alifbosida hamda rus tilida test sinovini topshiradi.
Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurtiga kirish uchun Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi (Beruniy ko`chasi) Respublika ko`rgazma savdo markazida bo`lib o`tadi. Uning sig`imi salkam 1500 kishiga mo`ljallangan. Test sinoviga kirishga 1000 nafardan ortiq nomzod bo`lib, ularning 1100 nafarga yaqini o`zbek tili lotin alifbosida, qolganlari qoraqalpoq tili lotin alifbosida hamda rus tilida test sinovini topshiradi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Maxsus fakultetiga kirish uchun test sinovlari Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internatining sport majmuasi zalida o`tkaziladi. Majmua sig`imi 300 kishiga mo`ljallangan. Test sinoviga kirishga 300 nafardan ortiq nomzod bo`lib, ularning 95 foizi o`zbek tili lotin alifbosida va 5 foizi rus tilida test sinovini topshiradi.
O`zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviasiya bilim yurtiga kirish uchun test sinovlari Jizzax shahridagi Jizzax olimpiya zaxiralari kolleji sport pavilonida o`tkaziladi. Sport zalining sig`imi 650 kishiga mo`ljallangan. Test sinovlarini 600 nafardan ziyod nomzod topshirishi ko`zda tutilgan.






