AsosiyJamiyat

«Eng ulug`, eng aziz» tanlovi e`lon qilindi

'«Eng ulug`, eng aziz» tanlovi e`lon qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, “O`zbekkino” Milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi hamda Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi mamlakatimiz mustaqilligining yigirma etti yilligiga bag`ishlab

“ENG ULUG`, ENG AZIZ” an`anaviy tanlovini e`lon qiladi.

Tanlovga “Aziz va yagonamsan, jonajon O`zbekistonim!” degan ezgu g`oyani o`zida mujassam etgan va 2017 – 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” Davlat dasturining ma`no-mazmuniga muvofiq yaratilgan, davlatimiz va jamiyatimiz qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yo`lga qo`yish, inson manfaatlarini ta`minlash, qonun ustuvorligiga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni yorituvchi; tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan o`zaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlarning mazmun-mohiyatini hayotiy misollar orqali ochib beruvchi ijodiy asarlar qabul qilinadi.

“Eng ulug`, eng aziz” tanlovi quyidagi nominasiyalar bo`yicha o`tkaziladi:

yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari;

bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining maqolalari;

ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro`yxatiga olingan veb-saytlar xodimlarining jurnalistik ishlari;

televidenie va radio ijodkorlarining materiallari;

tasviriy san`at, foto asarlari va dizayn ishlari;

kino san`ati asarlari.

Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlarga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:

– muallif va uning professional faoliyati to`g`risida qisqacha ma`lumot;

– muallifning pasporti nusxasi;

– ish joyidan tavsiyanoma;

– muallifning manzili va bog`lanish telefonlari.

Tanlovga 2017 yilning 1 avgustidan 2018 yilning 1 avgustigacha bo`lgan davrda rasman chop etilgan adabiy-badiiy asarlar, gazeta-jurnallar va internet nashrlarida e`lon qilingan maqolalar, radio va televidenie kanallarida efirga uzatilgan materiallar, namoyish etilgan tasviriy san`at va kino san`ati asarlari joriy yilning 3 avgustigacha qabul qilinadi.

Tanlov g`oliblari Vatanimiz mustaqilligining yigirma etti yillik bayrami arafasida mukofotlanadilar va ularning ro`yxati matbuotda e`lon qilinadi.

Ijodiy ishlar “Eng ulug`, eng aziz” tanloviga deb ko`rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:

100129, Toshkent shahri, Navoiy ko`chasi, 30-uy.

O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi,

O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi,

O`zbekiston “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi.

Telefonlar:244-12-61; 244-64-61; 244-11-64.

    Boshqa yangiliklar