Birlashgan millatlar tashkilotining xalqaro tijorat huquqi bo`yicha Komissiyasining 2018-yilning may oyida bo`lgan ishchi guruh yig`ilishida va iyun oyida bo`lib o`tgan 51- sessiyasida PraeLegal Uzbekistan yuridik firmasining yuristi va Xalqaro bo`limi boshlig`i, shuningdek, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti Tijorat huquqi kafedrasi o`qituvchisi Firuza Boboqulova delegat sifatida taklif etildi.
Aytib o`tish joizki, ushbu Komissiyaning may oyidagi yig`ilishiga PraeLegal Uzbekistan yuridik firmasining uch ta`sischisi qatnashdi hamda ushbu Komissiya yig`ilishlarida O`zbekiston Respublikasidan haligacha delegat ishtirok etmagan. Feruza Boboqulova BMTning Komissiyasida ham O`zbekiston Respublikasining ilk vakili sifatida ishtirok etdi.
Shuningdek, Firuza joriy yilning 21-iyunida Xalqaro savdo palatasi qoshidagi Xalqaro tijorat arbitraj sudining Butunjahon kengashida sud a`zosi etib tayinlandi.
Bolaligidan faol bo`lgan Firuza 2005-2006-o`quv yilida maktab o`quvchilari o`rtasidagi ACCELS FLEX almashinuv dasturi granti g`olibi sifatida Amerika Qo`shma Shtatlari Texas shtati Olney yuqori maktabini imtiyozli diplom va «Texas Olimi 2006» maxsus medali bilan bitirib, Toshkent Xalqaro Vestminster universitetiga o`qishga kirgan. Universitetning Tijorat huquqi yo`nalishini ham imtiyozli diplom bilan bitirgan. O`qish davrida o`zi o`qiyotgan yo`nalishning kurs vakili sifatida faoliyat yuritdi. 2010-yilning yanvar oyida DAAD tashkilotining grantini yutib, Germaniyaga Evropa hamjamiyati huquqi bo`yicha maxsus o`quv kursida o`qib keldi. 2010-yilda O`zbekiston Respublikasi Oliy ta`lim vazirligi hamda Oliy Sudning tashabbusi bilan respublikadagi huquqqa ixtisoslashtirilgan oliy o`quv yurtlari o`rtasida uyushtirilgan respublika olimpiadasida qatnashib, «Eng yaxshi taqdimot qilgan talaba» deb topildi. Universitetda o`qish davri mobaynida Oliy majlis Qonunchilik palatasining deputati yordamchisi vazifasida faoliyat olib bordi.
Endilikda yosh o`qituvchi universitet talabalariga «Xalqaro tijorat arbitraji», «Biznes huquqi» va «Buyuk Britaniya jinoyat huquqi» fanlaridan dars beradi. «Xalqaro tijorat arbitraji» va «Buyuk Britaniya jinoyat huquqi» fanlarini ishlab chiqib, kafedra o`quv dasturiga kiritishdagi va ish faoliyatidagi izlanishlari va harakatlari uchun 2015-yilda universitet Rektorining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. 2015-2017-yillar davomida universitetning Xalqaro tijorat huquqi bo`yicha ikkinchi magistrlik yo`nalishini o`qib, bitirdi. Shu bilan birgalikda, Koreyaning Xandong universiteti va UNESCOning hamkorlikdagi UNITWIN dasturining uch karra g`olibidir.
2017-yilning 17-iyulidan buyon PraeLegal Uzbekistan yuridik firmasining yuristi va Xalqaro bo`limi boshlig`i sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda. Yuridik firmada ishlash davri mobaynida firmaning boshqa yuristlari bilan birgalikda Parijdagi Xalqaro savdo palatasi qoshidagi Xalqaro tijorat arbitraji sudida ushbu sudning reglamenti bo`yicha yo`l qurilishi sohasida ikki xususiy kompaniya o`rtasida yuzaga kelgan 22 million dollardan ziyod qiymatdagi ishning muvaffaqiyatli ko`rib chiqilib, ijobiy hal bo`lishiga erishdi. Shu bilan birga, ushbu sud tomonidan xalqaro tijorat arbitraji bo`yicha tashkil qilingan maxsus kursda o`qib, uni muvaffaqiyatli tugatdi. PraeLegal Uzbekistan yuridik firmasida olib boriladigan barcha xalqaro sud va arbitraj ishlarini hamda investisiya loyihalarini olib boradi.
Firuza Boboqulova maqola va tezislari bilan xalqaro va respublika ilmiy amaliy konferensiyalarida faol ishtirok etib keladi. Shu kunga qadar u 15 ga yaqin ilmiy-tahliliy maqolalar muallifidir. U xalqaro tijorat arbitraji, investisiya nizolari va Angliya koorporativ huquqini chuqur o`rganib boradi, muntazam ravishda huquqiy, iqtisodiy va siyosiy bilimlarini oshirish uchun izlanadi. 2017-yilning oktyabr oyidan buyon Toshkent yuridik universitetida mustaqil izlanuvchi sifatida o`zning investision nizolar bo`yicha PHD dissertasiyasi yuzasidan ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Firuzaning xalqaro xususiy huquq hamda xalqaro tijorat arbitraji sohasidagi erishgan yutuqlari va amalga oshirgan ishlari Villem C. Vis nomidagi xalqaro tanlov tashkiliy Assosiasiyasi tomonidan yuqori baholanganligi sababli, BMTning Komissiyasida ishtirok etish imkoniga ega bo`ldi.






