Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari navbatdagi qoidabuzarlikni fosh qilishdi.
Poytaxtlik A.V. nomiga xorijdan yuborilgan pochta jo`natmasi bojxona nazoratining texnik vositasidan foydalanib bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, buyumlar orasida “CN-23” shaklidagi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan 150 dona tarkibida “Bromozepam” psixotrop moddasi bo`lgan “Lexostad” nomli tabletkalari borligi aniqlandi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati bergan xabarga ko`ra, hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Ma`lumot uchun, xalqaro pochta Konvensiyasiga asosan, pochta jo`natmalari orqali psixotrop va narkotik vositalarning yuborilishi qat`iyan taqiqlangan. O`zbekiston Respublikasi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to`g`risida”gi Qonunining 17-moddasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni pochta jo`natmalarida, shu jumladan xalqaro pochta jo`natmalarida jo`natish taqiqlanishi ko`rsatib o`tilgan.






