Joriy yil 4-7 oktyabr kunlari mamlakatimizda televidenie sohasiga bag`ishlangan yirik xalqaro festival bo`lib o`tadi, deb xabar bermoqda O`zA.
Bu “Rossiya televidenie akademiyasi" jamg`armasi tomonidan bir necha yildan buyon Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi va yaqin xorijdagi televidenie ijodkorlari o`rtasida o`tkazib kelinayotgan “TEFI Hamdo`stlik” xalqaro televizion festivalidir.
"TEFI Hamdo`stlik” o`z nufuzi bilan dunyodagi ayni sohaga bag`ishlangan boshqa yirik festivallardan qolishmaydi. Xalqaro televizion festivalga 2011 yilda asos solingan bo`lib, u ilk kunlardanoq MDHga a`zo mamlakatlar gumanitar hamkorligi jamg`armasi va Rossiya matbuot va ommaviy kommunikasiyalar federal agentligi tomonidan rag`batlantirilib kelinmoqda.
Hamdo`stlik mamlakatlarida yagona axborot makonini shakllantirishni maqsad qilgan festivalga har yili MDHning biror mamlakati mezbonlik qiladi. Festival mavzulari ham xilma-xil. «TEFI Hamdo`stlik” doirasida ekspertlar kengashi tuziladi, sohaning tajribali mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, zamonaviy televideniening dolzarb muammolariga bag`ishlangan munozaralar, televizon ijodiy ishlar muhokamalari, ochiq suhbatlar o`tkaziladi. Festival yakunida g`oliblarga maxsus mukofotlar topshiriladi.
O`tgan yili Minsk shahrida o`tgan «TEFI Hamdo`stlik – 2017» festivalida O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan suratga olingan “Chorak asr shiddati: Surxondaryo” hujjatli filmi yuksak e`tirofga sazovor bo`lgan edi.
Ayni vaqtda “Rossiya televidenie akademiyasi” jamg`armasi O`zbekistondagi hamkorlari bilan festivalga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Shu kunlarda “TEFI Hamdo`stlik 2018”ga ijodiy ishlar topshirish muddati yakunlandi. Bu yil festival “Vatan obrazi: vaqt, makon, taqdir” mavzuida o`tkaziladi.
– Festivalga mavzu tanlashda MDH xalqlarining milliy o`ziga xosligi, ishtirokchilarning qiziqishlarini inobatga olamiz, – deydi “Rossiya televidenie akademiyasi” jamg`armasi direktori Eteri Levieva. – Misol uchun, “TEFI Hamdo`stlik”ning o`tgan yillardagi bosh mavzulari axborot teledasturlari, bolalar televideniesi, musiqiy va ko`ngilochar dasturlarga bag`ishlangan edi. Bu yilgi festival mavzusi Hamdo`stlik davlatlarining hamjihatligiga qaratilgan. O`ylaymizki, professional teleijodkorlar tomonidan ayni mavzuda tayyorlangan ijodiy ishlar teletomoshabinlar uchun qiziqarli bo`ladi.
So`nggi yillarda O`zbekiston va Rossiya munosabatlari tobora mustahkamlanmoqda. Mamlakatlarimiz hamkorligi barcha sohada, jumladan, ommaviy axborot vositalari yo`nalishida ham rivojlanmoqda. Yurtimiz mezbonlik qilishi kutilayotgan "TEFI Hamdo`stlik” festivali soha yangiliklari, televidenie ijodkorlari uchun tajriba va mahorat maydoni bo`lishdan tashqari, do`stona munosabatlar yaxshilanishiga ham o`z hissasini qo`shadi.






