AQShning Kaliforniya shtatida o`rmon yong`inlari hamon davom etmoqda. Atrofda yashovchi aholi esa xavf ostida qolmoqda, deya xabar berdi Segodnya.ua nashri.
Hududda tobora kengroq maydonni egallab borayotgan alangani o`chirish uchun 1200 ta o`t o`chiruvchilar jalb qilingan. Havodan esa vertolyotlar olovni bartaraf etishga urinmoqda. Atrofdagi uylardan allaqachon odamlar ko`chirilgan bo`lsa, endi shtat chegarasidagi aholini ham evakuvasiya qilish boshlangan. 120 km. masofadan boshlab barcha avtomobil yo`llarida harakatlar to`xtatildi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, hozirda 50 kvadrat km. maydondagi eman daraxtlari kulga aylandi. Alangadan ko`tarilayotgan qora tutun San-Fransiskoga ham etib bordi. 10 dan ortiq avtomobillar yonib ketgani xabar qilinmoqda. Tabiiy ofat tufayli qurbonlar va jarohatlanganlar yo`q. Bu so`nggi 10 yil mobaynida Kaliforniyada sodir bo`lgan eng kuchli o`rmon yong`ini sifatida baholanmoqda.






