... Bu qahramonlarimiz balki jahon futbolida katta o`rin tutmaslar. Ammo har bir o`zbek ishqibozi ularni qalbining to`rida saqlaydi, ularni qumsab yashaydi. 35 yil bo`libdi...
O`sha mash`um voqeada bizdan 17 kishi qurbon bo`lgan edi. 11 avgust 1979 yil, soat 13 dan 35 daqiqa 38 soniya o`tgan, Toshkent – Gurev – Donesk – Minsk reysi, №65816 raqamli bort, Chelyabinsk – Kishinev reysi, №65735 raqamli bort, uchush balandligi – 8400 m, umumiy passajirlar soni – 178 ta, ulardan 17 tasi «Paxtakor» klubi vakillari edi...
SERGEY POKATILOV
Sergey asli ashxobodlik bo`lib, mahalliy «Stroitel» jamoasida besh yil tajriba to`plagandi. 1973 yilda oliy ligaga qaytgan «Paxtakor» ushbu darvozabonni o`z tarkibiga jalb qiladi. Murabbiylik sohasiga o`tgan mashhur darvozabon Yuriy Pshenichnikovga voris o`laroq qabul qilishadi va Sergey bu ishonchlarni oqlaydi.
Darvozabon 1975 yilda og`ir jarohat oladi. Ammo uning irodasi va qat`iyligi orqaga chekinishga yo`l qo`ymaydi va oradan uch yil o`tib, 1978 yilgi chempionatning ikkinchi davrasidan boshlab asosiy tarkibdagi o`rnini qaytarib oladi.
YuRIY ZAGUMENNIX
«Paxtakor»dagi faoliyatidan oldin Yura judayam og`ir jarohat olgandi. Muolaja stoliga yotgan futbolchini shifokorlar zo`rg`a xayotini saqlab qolishadi. Ammo bu xayot nogironlik tamg`asi ostida o`tishi kerakligi qat`iy talab qilinadi va unga pensiya tayinlanadi. Futbolchining aql bovar qilmas irodasi natijasida u katta futbolga qaytadi.
Yuriy Zagumennix misolida biz haqiqiy erkakcha iroda, har qanday ishga bo`lgan munosabat va sadoqatning timsolini ko`rishimiz mumkin.
VLADIMIR MAKAROV
13 yoshidan boshlab Dushanbeda futbol o`ynay boshladi, keyin esa «Energetik» safida maydonga tushdi. Ancha tajriba to`plagach Odessaning «Chernamores» jamoasi safidan joy oldi. Hatto yarim himoyachi bo`lishiga qaramasdan, 1976 yilda 13 gol bilan jamoaning mavsumdagi to`purari ham bo`lgandi.
Makarov «Paxtakor»ga har jihatdan mos kelgandi, u jamoaviy futbolchi edi va bu jamoadoshlari bilan tezda til topishida va jamoaning ajralmas bo`lagi bo`lib qolishida muhim ahamiyat kasb etgandi.
OLIM AShIROV
«Paxtakor»ga 17 yoshida kelgandi va himoya markazidan joy olgandi. Himoyachi bo`lishiga qaramasdan, u hujumga ham tez-tez qo`shilar, bir nechta muhim gollar muallifiga aylangandi. Uning SSKA va «Dinamo» (Minsk) kabi jamoalari darvozasiga kiritgan hal qiluvchi gollari ko`pchilikning esidan chiqmagan bo`lsa kerak.
Markaziy himoyachi sifatida ham juda ishonchli o`ynardi, jamoa tarixidagi eng yaxshilardan biri deyishimiz mumkin.
NIKOLAY KULIKOV
Futboldagi ilk qadamlarini Moskvada qo`ygandi, 1974 yilda esa O`zbekistonga kelib «Xonqa», «Yangier» kabi jamoalarda o`zini ko`rsatdi. 1977 yilda «Paxtakor»ga taklif qilindi va himoyachi sifatida jamoaning oliy ligaga qaytishida o`z ulushini qo`shdi.
O`sha mavsumda Leningradda (Sankt Piterburg) mahalliy «Dinamo» jamoasi darvozasiga g`alaba to`pini kiritgandi.
RAVIL AGIShEV
Futbolchi sifatida Buxoroda tarbiya topgan, 16 yoshida esa «Paxtakor»ning o`rinbosarlar tarkibida maydonga tusha boshladi. 1978 yildan boshlab esa asosiy tarkib o`yinlarida maydonga tusha boshladi. «Paxtakor» tarkibidagi yagona golini esa Rostovda SKA klubiga qarshi o`yinda kiritgandi, o`shanda toshkentliklar 3:1 hisobida g`alaba qozongandilar.
ShUHRAT EShBO`TAEV
1978 yilgi o`rinbosarlar tarkibidagi sermahsul o`yinlari orqali murabbiylar nazariga tushgandi. Asosiy tarkibda ham yo`qolib qolmadi, asosan zaxiradan maydonga tushganligiga qaramasdan uchta gol muallifiga aylangandi. Har uchala golini safardagi o`yinlarda kiritgan va hali o`zbek muxlislarini olqishlariga sazovor bo`lib ulgurmagandi.
Yaxshigina texnikaga va shijoatga ega bo`lgan futbolchi o`zbek futbolining kelajagi deb e`tirof etilayotgandi.
VLADIMIR SOBIROV
Uni o`sha paytlarda Xorazmning «Xonqa» jamoasining bosh murabbiyi Sergey Dosenko tavsiya qilgandi. «Paxtakor»da ham u yo`qolib qolmadi, asta sekin asosiy tarkibga kirib borayotgan edi.
Uning o`g`li Oleg Sobirov ham futbolchi bo`lib etishdi va oliy ligadagi bir nechta jamoalarda, shuningdek Qozog`istonda o`ynadi. Hatto mamlakat Olimpiya terma jamoasiga ham jalb qilingandi.
SIROJIDDIN BOZOROV
Samarqandlik bu futbolchi «Paxtakor»ning o`rinbosarlar tarkibida maydonga tushardi. O`rinbosarlar tarkibi bir kun oldin Minskka uchib ketib ulgurgandi. Uning ishonchi o`yinlari evaziga murabbiylar asosiy tarkibda sinab ko`rishni maqsad qilgandilar va o`sha kuni birinchi marta asosiy tarkib bilan birga samolyotga o`tirgandi.
Minskda o`z debyutini kutayotgan yosh futbolchining xayajoni va qalbidagi quvonchini tasavvur qilish oson va... va alamli. Taqdir ekan.
VIKTOR ChURKIN
1976 yilda tarkibga qo`shilgan va asosiy tarkibning barqaror o`yinchilaridan biriga aylandi. Chunki u bungacha oliy liga bahslarida tajriba to`plab ulgurgan va hatto SKA (Rostov) tarkibida mamlakat kubogi finalida maydonga tushgandi.
Yuqori texnikaga ega edi, jamoaviy kombinasiyalarda ham faol qatnashar, yo`q joydan vaziyat yaratish va uni golga aylantirishga usta edi. Fyodorov, An kabi ftubolchilar orasida ham yo`qolib qolmagandi, hali juda ko`p gollar kiritishga qodir edi.
KONSTANTIN BAKANOV
«Paxtakor»dagi ilk o`yinini 1972 yilda, 18 yoshida o`tkazgandi. Iste`dodli futbolchi, futbol maktabida uning ilk ustozi «Paxtakor»ning 60-yillardagi himoyachisi Akmal Azizxo`jaev hisoblanadi.
ALEKSANDR KORChENOV
Jamoaning etakchilaridan biri, qiyin vaziyatlarda o`zida kuch topish va jamoani oldinga boshlash qobiliyatiga ega edi. U «Paxtakor» tarkibida 200 ga yaqin o`yinlarda maydonga tushdi va muxlislarning sevimli futbolchisiga aylangandi.
Yuqori tezlik sohibi va qanotlardan jarima maydoniga to`pni aniq va xavfli tarzda etkazib berish qobiliyati bilan nom qozongandi. «Paxtakor» ga sadoqatli edi.
MIXAIL AN
Nafaqat «Paxtakor», butun mamlakatda tan olingan, nom qozongan futbolchi edi. Toshkent viloyatining Sverdlov jamoa xo`jaligi bolalar futbol jamoasida futbolni boshlagandi. «Paxtakor» tarkibiga esa 1971 yilda qo`shilgan.
Uning maydonni ko`ra olishi, standart vaziyatlarni a`lo darajada amalga oshirishi va eng asosiysi maydonda aql bilan to`p surishi barchani o`ziga jalb qilardi va uni «Professor» deb ham atashardi.
U Sobiq Ittifoq yoshlar terma jamoasiga ham jalb etilgan va jamoa sardori etib saylangandi. Jamoa Evropa chempioni bo`lganda, kubok aynan Mixail Anning qo`liga topshirilgandi. Uni juda ko`p jamoalar o`z tarkibida ko`rishni xohlagan, ammo Mixail Toshkentdan hech qaerga ketmagan..
VLADIMIR FYoDOROV
Uning futbol yo`li An bilan birga boshlangan. Keyin esa Titov nomidagi futbol maktabida tahsil oldi, o`smirlar terma jamoasiga jalb qilindi. U ham 1976 yilda Evropa chempioni bo`lgan yoshlar terma jamoasi tarkibida maydonga utshgandi va An bilan birgalikda jamoa etakchisi edi. Juda ko`p muhim gollarni kiritgandi, matbuot va muxlislar tomonidan yuksak olqishga sazovor bo`lgandi.
U «Paxtakor»da o`ynagan o`yinchilar orasida eng ko`p terma jamoaga jalb qilingan futbolchi edi. Toshkentliklar 1-ligaga tushib ketganlarida ham, Lobanovskiy uni termaga chaqirishni to`xtatmagandi. Hatto 1976 yilda u 1-ligada o`ynab turib ham, mamlakatning eng yaxshi 33 futbolchisi ruyxatiga kiritilgandi.
U 24 yoshidayoq juda ko`p narsaga erishgan, barcha tarafidan tan olingan futbolchi edi. U yana juda ko`p sovrinlarni qo`lga kiritishi mumkin edi, ammo...
IDGAY TAZETDINOV
«Paxtakor» tashkil qilingan yillardan boshlab jamoaning asosiy o`yinchilaridan biri bo`lgan, 1960 yilda oliy ligaga chiqqanda esa hatto jamoa sardori edi. U barqaror, masu`liyatli o`ynardi, har jihatdan «metr» ta`rifiga to`g`ri kelardi.
Futbolchilikni tugatgach, murabbiylik sohasida ishlay boshladi va nimadir uni «Paxtakor»ga doim tortardi. U jamoaga qaytdi va ikkinchi murabbiy sifatida ishlay boshladi. O`sha «nimadir» uni oramizdan olib ketdi. Ammo qalbimizdan emas.
Shuningdek jamoa administratori Mansur Tolibjonov va vrach Vladimir Chumakovlar o`sha mudhish aviahalokat qurboniga aylangandilar.
Yosh avlod uchun yuqorida yozilgan satrlar balki ancha oddiy tuyular, jalb ham etmas. Lekin aniq bilamanki, o`sha jamoaning o`yinini ko`rish baxtiga muayassar bo`lgan muxlisga boshqacha ta`sir qiladi. Bunaqalar juda ko`p. Aynan mana shu jamoa tufayli futbolga oshno tutingan va haligacha «Paxtakor» deganda yuragi xapqiradigan, undan voz kecha olmaydiganlar istalgancha topiladi. Skanvord echib o`tirib, AN yozuviga ko`zi tushganda, tomog`iga bir narsa tiqiladiganlar ko`pchilik. Korchenov, Sobirov, Bakanovlarning o`g`illari katta bo`lib, futbol maydonlarida paydo bo`lgach, ularga chin dildan muxlislik qilgan va ko`zlaridan otalarining nigohini izlaganlar juda ko`p. Ular maqolani o`qishgani ham yo`q. Ular ismlarni o`qishdi xolos, uyog`iga qalblarida o`zlarining maqolalari yozila boshlandi. Dard bilan yozilgan maqola. Qog`ozga tushirib bo`lmaydigan maqola.
Taniqli adib O`tkir Xoshimov aytandi: «Haqiqiy asarning o`z musiqasi bo`ladi. Aynan o`sha musiqa o`quvchini o`ziga jalb qiladi, asar o`qilish jarayonida elas-elas chalinib turadi»
Bu to`g`ri gap bo`lsa kerak. Mana shu ismlarda ham qandaydir musiqa bor. «Paxtakor-79» musiqasi, futbol musiqasi, muxlislar dardi...
1979 yil. 11 avgust. Aynan mana shu kuni futbol O`zbekistonda yanada yuqoriroq bosqichga ko`tarilgan, deb bilaman. «Yigirma ikki tentak bir to`p orqasidan yugurib yugurishini» tomosha qilayotgan erini tushunmay elka qisadigan ayol o`sha kuni mana shu futbol tufayli uning yig`layotganligini ko`rdi. Futbol muxlislar uchun nima ekanligini qaysidir ma`noda xis qildi.
Kattalar aytib berishadi ko`pincha, o`sha voqeadan keyin yangi tuzilgan «Paxtakor» Toshkentda ilk uchrashuvni «Dinamo» (Tbilisi)ga qarshi o`tkazgan ekan. O`sha o`yin oldidan suhandon halok bo`lgan tarkibni birma-bir o`qigan va har birining ismi aytilganda, uning raqamidagi futbolchi maydonga tushib kelgan ekan. O`zini zo`rg`a tutib turgan suhandon Fyodorovning ismini o`qiyotib chiday olmagan, uvvos solib yig`lab yuborgan. Butun stadion unga jo`r bo`lgan. Hamma yig`lagan. Hamma. Ular bunga arzirdilar. Hammalari...

Taniqli futbol statistigi Vladimir Safarov yozadi:
«Ko`pincha eshitib qolaman, o`sha paxtakorchilarni «qanday yaxshi edilar», «odobli», «tartibli», deyishadi. Yo`q. Ularni ideallashtirish kerak emas. Esimda Fyodorovni «Zarya»ga qarshi o`yinda maydondan chetlatishgandi. Umuman Volodyani boshqarishning o`zi qiyin edi. An ham, Korchenov ham qizil kartochkalar olgan o`z vaqtida. Ammo aynan mana shu futbolga hos harakatlar, mayli to`g`ri bo`lmasa ham, bizlarga ularni oddiy xatokor inson sifatida ko`proq yaqinlashtirardi. Biz ularni qanday bo`lishsa shu holicha yaxshi ko`rardik»
Yillar o`tdi. Biz har yili ularni xotirlaymiz. Turnirlar o`tkazamiz, tadbirlar uyushtiramiz. Biz ularni yaxshi ko`ramiz, deymiz, yig`laymiz. Shu orqali ularning xotirasi oldida o`zimizni oqlagandek bo`lamiz. Ammo...
Xotira bunaqa bo`lmasligi kerak aslida. Aytaylik, inson o`z ota-onasiga munosib farzand bo`lish uchun nima qilishi kerak? Ko`chaga chiqib, hammaga ularni yaxshi ko`rishini aytishi, vafot etganda hammadan baland yig`lashi kerakmi? Yo`q. Qachonki, farzand o`zining ahloqi bilan, halolligi bilan nom qozonsa o`sha ota-onasiga raxmat olib beradi va burchini bajargan hisoblanadi. Bu hamma biladigan oddiy haqiqat.
Xo`sh, o`sha paxtakorchilarning maqsadlari nima edi? O`zbek futbolini yuqoriga ko`tarish. Biz ularning bu maqsadini bajarish yo`lida vijdonan harakat qilish orqaligina xotirani mukammal ravishda ado etgan bo`lamiz.
«Manchester Yunayted» ham shu falokatni bir vaqtlar boshidan kechirgan. Ular o`sha avlodlarini qanchalik eslashadi, qanaqa tadbirlarni amaga oshirishadi, bular bizga qorong`u. Ammo «MYu» buyuk klub bo`lishda davom etadi va ularga qiziqqan muxlis «MYu» tarixiga o`z-o`zidan qiziqa boshlaydi.
Nima demoqchimiz? O`zbek futbolini rivojlantiraylik, yangi bosqichlarga ko`taraylik, toki birov «Paxtakor-79» orqali hozirgi o`zbek futbolini qidirib axtarmasin, hozirgi «Paxtakor» yoki o`zbek futboli tufayli «Paxtakor-79»ni qadrlasin. O`sha 1979 yildan beri haqiqiy futbolni qumsayotgan ko`zlarga yana quvonch yoshlarini qaytaraylik.
Manba: Uff.uz
"Darakchi" gazetamizning 29 sonida marhum futbolchimiz Sirojiddin Bozorov haqida singlisi Nasiba Bozorova bilan o`tkazilgan suhbatni o`tkazib yubormang!





