10 yil avval sunami indoneziyalik qizchani olib ketgan edi. Qizchaning oilasi bag`riga qaytishi uchun 10 yil kerak bo`ldi, deya yozadi Jakarta Globe nashri.
“Turmush o`rtog`im va men juda ham baxtlimiz. O`n yildan so`ng qizimizni qaytarib bergani uchun xudoga shukur aytaman”,-deydi qizning onasi Jamaliya.
Dunyodagi eng kuchli – magnituda bo`yicha 9,2 balli zilzila oqibatida Sumatra orollarida balandligi 20 metrni tashkil qilgan sunami paydo bo`lgan. Bu ofatdan qochish niyatida Septi Ranguti oilasi xavfsiz joyga otlanishadi. Jamaliya katta o`g`li bilan, otasi esa ikki kichik farzand, shu qatorda 4 yoshli Raudxatul Janna bilan bo`lishgan. “Suv kelgan payt, erim Raudxatul va uning akasi Orifni katta yog`ochli doskaga o`tkazib qo`ydi”,-deydi Jamaliya.
Suv tarqalgach, ota-ona bir oy davomida bolalarni izlashdi. Ammo, natija bo`lmagandan so`ng ular qo`shni Shimoliy Sumatra provinsiyasiga ko`chib o`tishdi. Bolalar esa uzoqdagi Banyak arxipelagidagi orollardan biriga borib qolishgan. U erda Raudxatulni baliqchi asrab olgan va unga Venni ismini bergan. Qizning so`zlariga ko`ra, uning akasi ham omon qolgan va uni boshqa oila asrab olgan.
10 yil o`tib, Achex qishlog`iga kelgan aka Raudxatulga e`tibori tushadi. Qiz boshqa oila davrasida katta bo`lganini eshitgan aka, onasini chaqiradi.
“Men uni ko`rganimda yuragim tez ura boshladi. O`sha zahoti men yo`qolgan qizimni topganimga ishondim. Men uni, u meni quchoqlab oldi. Ko`z yoshlarimizni ushlab turolmadik”,-deydi Jamaliya.
Qizni asrab olgan oila undan Ramazon oyi yakunlanishigacha qolishni so`ragan, shu tufayli u ikki kun avval ota-onasining bag`riga qaytdi. Endi Jamaliya va uning oilasi Banyak orollariga yo`l olishmoqda. “Biz yaqin kunlarda Orifni topish uchun u erga yo`l olamiz. Ko`nglim uni omonligini va u o`sha erdaligini aytmoqda”,-deydi ona.





