Moskva shahrida Xalqaro fuqaro aviasiyasining “Aeroport” assosiasiyasi tomonidan o`tkazilgan tanlovning “MDH mamlakatlaridagi eng yaxshi aeroport” nominasiyasida 2017 yil natijalariga ko`ra “Buxoro” xalqaro aeroporti g`olib bo`ldi. Bu xaqda O`zA xabar berdi.
"Buxoro" xalqaro aeroporti MDH mamlakatlaridagi 100 mingdan 500 mingacha yo`lovchi tashuvchi havo bandargohlari o`rtasida yuqori natijalari uchun maxsus kubok va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Ta`kidlash kerakki, sovrindor aeroport tomonidan 2017 yilda xalqaro va ichki yo`nalishlarda 190 ming yo`lovchiga xizmat ko`rsatildi. Yuk, pochta va pulli bagaj tashish salmog`i avvalgi yilgiga nisbatan oshdi. Yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish sifati yaxshilandi. Aeroportda parvozlar xavfsizligini ta`minlash doimiy e`tiborda.
“Buxoro” xalqaro aeroportiga 2016 yilda berilgan Xalqaro ISO 9001:2015 sertifikati aerokorxona faoliyatining yuqori sifat darajasini tasdiqlaydi.
– Havo bandargohimizning moddiy-texnik bazasi yildan-yilga mustahkamlanmoqda, – deydi “Buxoro” xalqaro aeroporti mas`ul xodimi Sayfiddin Badriddinov. – Soatiga 400 yo`lovchiga xizmat ko`rsatadigan terminalda parvozga chog`lanayotgan va viloyatimizga kelayotgan yo`lovchilar uchun barcha sharoit mavjud. Xizmat ko`rsatishning yangi tizimi – “Yashil yo`lak” va “Qizil yo`lak” joriy qilingani mijozlar, ayniqsa, sayyohlarga yanada qulaylik yaratmoqda.
Shu o`rinda qayd etish kerakki, “Buxoro” xalqaro aeroporti "Yilning eng yaxshi aeroporti” nominasiyasi bosh sovriniga beshinchi bor sazovor bo`ldi.






