AsosiyDunyo

Saudiyalik ayollarga mashina haydash huquqi berildi

'Saudiyalik ayollarga mashina haydash huquqi berildi 'ning rasmi

Saudiyalik ayollar bunga erishish uchun uzoq yillar harakat qilishlariga to`g`ri keldi.

Saudiya Arabistondagi taniqli ulamo Kamol Subhiyning fikriga ko`ra, agar xotin-qizlarga mashina haydash huquqi berilsa, bu mamlakatda ayollar ibo-hayosiga putr etkazishi, hatto fohishabozlik, hayosizlik, gomoseksualizm va ajrimlarga yo`l ochishi mumkin.

Mashina haydash huquqi uchun kurashayotgan faol ayollar bu gaplarni qip-qizil jinnilikdan o`zga narsa emasligini ta`kidlashmoqda.

Biroq Kamol Subhiy tarafdorlari dindagi ayrim bandlarni o`zlariga asos qilib olishgan.

So`nggi paytlarda saudiyalik ayollarni qo`llab-quvvatlovchilar ham ko`paydi.

Evropa fatvo majlisining a`zosi Yusuf Abrom aytadilar: “Haydovchilik muboh ish. Lekin harom etilgan ishga olib borsa unda harom bo`ladi. Haydovchilik guvohnomasini olishda erkaklar aralashmagan va ayol ehtirom qilinadigan ta`lim jarayonida qatnashsa, so`ng mashinani o`zi va oilasi uchun foydali yo`lda ishlatsa, mashina haydashga mone`lik yo`q deb bilaman”.

To`g`ri, saudiyalik ayrim odamlar mashina haydash ayolga har tomonlama nojoizligini aytishmoqda. Lekin bunday qarash faqat Saudiya mamlakatiga tegishlidir. Qolgan musulmon davlatlar esa bu ishdan keladigan foyda va zararlarni hisob-kitob qilib, hukm beradigan ishonchli ulamolarining fatvolariga qarashadi.

Al-Azhar ulamolaridan doktor Abdulfattoh Oshur aytadilar: “Modomiki ayol uyidan Allohning shariatiga rioya qilgan holda chiqar ekan, uning mashina haydashining zarari yo`q. Modomiki biz uni erkakning sherigi deb tan olgan ekanmiz, ta`lim olishda, turli vazifalarda ishlashida uni teng ko`rarkanmiz, mashina haydashida ham hech qanday yomonlik yo`qdir. Buni ma`n etganlar hazir va ehtiyot bo`lganlikdan qilganlar. Endi ayol turli masalalarda erkak bilan teng maqomda ko`rilayotgan joriy muhitda bunday ehtiyotkorlikning ma`nosi biroz yo`qolgan. Biz ta`kidlashimiz lozim bo`lgan narsa shuki, ayol albatta, islom odobi bilan odoblansin. Mashina minib shubhali joylarga yoki o`zini va sha`nini xatarga qo`yadigan tomonlarga bormasin. Bundan boshqa hollarda hech qanday mone`lik yo`q. Balki ayol o`zi tanimaydigan yoki ayolni tanimaydigan begona kishi bilan bir mashinada yurishdan ko`ra

uning mashina haydashi afzaldir”.

Ushbu mavzu keng muhokamalarga sabab bo`ldi. Arab ayollari mashina ruliga bemalol o`tirish orzularidan voz kechmadi. Oxir-oqibat Saudiya Arabistonda ham ayollar avtomashinalrni boshqarish huquqini qo`lga kiritdilar.

Ilgari rasman taqiq bo`lmagan bo`lsa-da, bunga qarshi kuchlar bartaraf etilgani mamlakatdagi xotin-qizlar uchun uzoq kutilgan orzular ro`yobi bo`ldi. Ushbu norasmiy taqiq rasman joriy yilning 24 iyun kunidan olib tashlanadi. Ushbu sanadan boshlab Saudiya ko`chalarida ham xotin-qizlar bemalol avtomashinalarda harakatlana oladilar.

Ayni vaqtda mamlakatda xotin-qizlarning avtomashinalardan erkin foydalinishlari, yoqilg`i shoxobchalaridagi navbatda turish shaklini engillashtirish va maxsus avtobekatlarda mashinalarni joylashtirish bo`yicha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari ko`rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar