AsosiyJamiyat

Hokim Sergelidagi yog`och uylar taqdiri haqida batafsil ma`lumot berdi

'Hokim Sergelidagi yog`och uylar taqdiri haqida batafsil ma`lumot berdi'ning rasmi

Toshkent shahar hokimligida Sergeli tumani hokimi Nozim Husanov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar bermoqda O`zA.

Unda Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili Davlat dasturi doirasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berildi.

Ma`lumki, Sergeli poytaxtning boshqa tumanlariga nisbatan hududi jihatdan eng kattasi hisoblanadi. Tumandagi 39 ta mahallada 207 ming aholi istiqomat qilmoqda. Aholiga ko`p qavatli uy-joylar qurib foydalanishga topshirish bo`yicha 4 yillik qurilish dasturi doirasida o`tgan yil hududda 4 ming 40 ta xonadon qurib foydalanishga topshirildi. Joriy yilda 5 ming 40 ta xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Tumanda hozirgi kunda 25 ta umumta`lim maktabi mavjud. Anjumanda maktablarga bo`lgan talab hamda o`quvchilarning soni koeffisenti inobatga olinib joriy yilda yana ikkita umumta`lim maktabini ochish rejalashtirilayotgani aytildi.

Shuningdek, hokim anjuman ishtirokchilariga Sergelidagi yog`och uylar haqida ham ma`lumot berdi. Hokimning so`zlariga ko`ra, 70 gektarni o`z ichiga olgan yog`och uylar hududi investorlarga yangi ko`p qavatli uy-joy qurish uchun bo`lib beriladi. Ya`ni, investorlarga yog`och uylarda istiqomat qiladigan aholiga tumanning boshqa hududidan ko`p qavatli uy qurib berish sharti qo`yiladi. Investorlarga yangi ko`p qavatli uylar qurish uchun tuman hokimligi tomonidan alohida er maydoni ajratiladi. Aholi yangi qurilgan ko`p qavatli uylarga ko`chgandan so`ng, yog`och uylar buzilib o`rniga ko`p qavatli uy-joylar qurilishi belgilangan. Yangi uylar qurilishida hududda ijtimoiy ob`ektlar hisobga olinadi. Ya`ni hududda maktabgacha ta`lim muassasi, maktab, kasalxona, sport maydonchalarini qurish ham rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar