Shoir Muhammad Ismoil ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ko`p yillar Prezident Davlat maslahatchisining o`rinbosari bo`lib ishlagan Ahmadjon Otajonov sahifasida post qoldirdi. Unda sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov Ahmadjon Otajonov o`z vaqtida uni qattiq tanqid qilib chiqqan uchun qamatib yuborgani haqida so`zlab berdi:
"Mening yonimdagi bu ajoyib inson ko`p yillar Prezident Davlat maslahatchisining o`rinbosari bo`lib ishlagan Ahmadjon Otajonov bo`ladi.
Kazzob Rashid Qodirov imkon topib uni bir necha yilga qamab yuborgan edi. Sababi, Ahmadjon Otajonov o`z vaqtida Rashid Qodirovni qattiq tanqid qilib chiqqan edi. Tanqid qilinishiga sabab, Rashid Qodirov Xorazm va Samarqand, Andijon viloyatlarida ko`p yillar xokim bo`lib ishlagan Bektosh Rahimovning kuyovi edi. Gazanda Gdlyan Bektosh Rahimovni paxta ishi bo`yicha nohaqdan nohaq qamab yuborgach, Rashid Qodirov Bektosh Rahimovning qizini uchta bolasi bilan ko`chaga haydab yuborgan va meni bunday xotinim, meni bunday bolalarim yo`q deb, Gdlyanni oldida o`zini oqlagan va prokuratura ishidagi o`z mavqeini, o`z pushti kamaridan bo`lgan bolalarini xor qilish evaziga saqlab qolgan edi.
Ahmadjon Otajonov uning mana shu xiyonatkorligini tanqid qilgani uchun, keyinchalik Rashid Qodirov o`z amalidan foydalanib, amalini suyiiste`mol qilib, tuhmat bilan uni to`rt yilga qamab yuborgan, Ahmadjon Otajonov uning kasriga to`rt yil og`ir jazo muddatini o`tab qaytgan edi. Ahmadjon Otajonov bir kun haqiqat qaror topishiga ishondi, umidini yo`qotmadi. U hayotining keyingi yigirma to`rt yili mobaynida bir marta haj, etti marta umra safarini amalga oshirdi, qanchalik qiyinchiliklarga duch kelmasin, bir safar bo`lsin namoz o`qishdan to`xtamadi.
Xudodan yaxshi kunlar kelishini yolvorib so`radi, elu yurt oldida yuzi yorug` bo`lishini intizorlik bilan kutdi. Ka`batilloni oldida ham haqiqat qaror topishini Olloh taolodan so`radi. Bugun mana o`sha kunlar keldi. Xudoning marhamati, qolaversa Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning haqiqatparvarligi sabab O`zbekiston Oliy sudining qarori bilan Ahmadjon Otajonov to`liq oqlandi, etqazigan moddiy va ma`naviy zarar uchun bir necha mln so`m atrofida tovon puli to`lanadigan bo`ldi. Birodarimiz Ahmadjon Otajonovni erishgan g`alabasi bilan muborakbod etamiz. O`ylaymizki, bu g`alaba xo`rlangan, haqoratlangan, jabru-zulm tayog`i ostida ingrangan, qonga botib mayib majruh bo`lgan, ammo irodasi bukilmagan, yorug` kunlardan umid qilib yashagan va nihoyat ro`shnolikka erishgan minglab insonlarning ham g`alabasidir. Iloho, qolgan minglab insonlarni qutlash, tabriklash barchamizga nasib etsin. Sizning quvonchingizga, shodligingizga sherikmiz Ahmadjon aka! Iloho, umringiz uzoq bo`lsin ! Sog` bo`ling!"







