AsosiyJamiyat

Kelin o`z joniga qasd qildi. Sitam va xo`rliklarning chegarasi yo`qmi?

'Kelin o`z joniga qasd qildi. Sitam va xo`rliklarning chegarasi yo`qmi?'ning rasmi

Eski Jomboy mahallasida noxush xabar tarqaldi. Gulnora kelin o`z joniga qasd qilganmish. Kimdir yoshgina juvonga, etim qolgan norasida farzandiga achindi. Erining zulmiga oxiri bardosh berolmapti-da, dedi. Kimdir beparvo qo`l siltab qo`ydi. Irodasizlik qilibdi, g`am-tashvish bir unda edimi, dedi. Aslida ana shu loqaydlik bo`lmaganida ehtimol yosh umr zavol topmas, bir bola etim qolmasmidi?

Gulnora va Akram (ism-shariflar o`zgartirilgan) turmush qurishganiga o`n yildan oshgan. Shu yillar davomida ayolning boshidan o`tgan ko`rguliklarni bitsa, katta asar bo`ladi. To`ydan avval o`zini sipo tutgan Akram aslida ichkilikka berilgan, o`zidan boshqa hech kimni o`ylamaydigan toifadan ekan. Kunda kunora Gulnorani urar, sitam va xo`rliklarning chegarasi yo`qdek edi. Shu o`rinda o`yga toladi, kishi. Mahalla-ko`y, qo`ni-qo`shni, har ikki tomonning qarindosh-urug`lari, umuman jamoatchilik nega bu holatga loqayd qarab turgan? Ikki oyda o`n etti marta (!) kaltaklangan, yuz-ko`zi shishgan holda, yana tun yarmida uyiga qochishga majbur bo`lgan ayolning taqdiri nahotki hech kimni qiziqtirmagan?

Ha, Gulnora irodasizlik qildi. Hayot deb atalgan eng laziz ne`matni o`z qo`li bilan xazon qildi, gunohga botdi. Ammo uning shu ko`yga tushishiga jim qarab turganlarchi?

Jinoyat ishlari bo`yicha tuman sudida Akram Temirovning qilmishi atroflicha o`rganib chiqildi. Uning o`z rafiqasiga muttasil zulm o`tkazgani, urib-do`pposlab, sha`ni, qadr-qimmatini kamsitib kelgani, bu qilmishlarida shaxsning o`z joniga qasd qilish darajasiga etkazish jinoyati alomatlari mavjudligi aniqlandi.

Zulmkor erga qonuniy jazo tayinlandi. Ammo g`isht qolipdan ko`chgan, bir inson hayotni erta tark etib bo`lgan. Bu bizga saboq bo`lsa, loqaydlikni bas qilib, jamoatchilik nazorati, o`zaro mehr-oqibatni tiklasak, shoyad bundan keyin shunga o`xshash noxushliklar jamiyatimizda sodir bo`lmasa.

Mavjuda Davlatova,

jinoyat ishlari bo`yicha Jomboy tuman sudi raisi

    Boshqa yangiliklar