AsosiyDunyo

Meri Barra — «General Motors» rulini boshqaruvchi xonim

'Meri Barra — «General Motors» rulini boshqaruvchi xonim 'ning rasmi

Erkaklar ruldagi ayollarga mensimay, ba`zan, hatto, yoqtirmay qarashadi. Lekin minib yurgan ulovlari ayol kishi rahbarligida tayyorlanayotganini bilisharmikan? Іa-ha, aziz erkaklar, sizlarning «Captiva», «Lacetti» va «Cobalt»laringiz General Motors kompaniyasi boshqaruvi raisi Meri Barraning nazorati va ijozati bilan ishlab chiqariladi. Quyida erkaklargagina xosdek tuyuluvchi oliymaqom «avtoklub»ning teng huquqli a`zosi bo`lgan ana shu temir xonim haqida hikoya qilamiz.

Aybimiz bormi, tan olamiz!

Meri Barri — ikki farzandning onasi va General Motors bosh direktori lavozimidagi birinchi ayol bir qancha ota-onalarning dardini jimgina tinglardi. Kimdir yozib kelgan nutqini o`qib beradi, yana birov avvaldan tayyorgarliksiz shunchaki gapiradi. Bir ota ko`ylagining tugmalarini echib yubordi — ichdan kiyib olgan futbolkasida marhum qizining surati aks ettirilgandi. Nutq so`zlayotganlar bir-birlarini umuman tanimasdilar, ammo ularni bir qayg`u birlashtirgandi: qadrli insonlari GM avtomobillarini boshqarayotib halokatga uchrashgandi.

Taqdirlar dahshatli darajada bir-biriga o`xshash: yoshgina yigit va qizlar 2005–2007 yillar oralig`ida ishlab chiqarilgan Cobalt avtomobillari rulini boshqarayotib halokatga uchrashgan: kimdadir xavfsizlik yostig`i ochilmagan, yana birovda o`t oldirish kaliti ishlamagan...

Barra xonim «General Motors»ning Vashingtondagi ofisida qariyb ikki soat davomida ana shu hasratlarni tinglar ekan ko`zidan yoshi tinmasdi.

To`g`ri, u rahbarlik kursisiga o`tirganiga endigina uch oy bo`ldi, bu avtomobillar ancha avval ishlab chiqarilgan, ammo shu bilan mas`uliyatni o`zidan soqit qilib bo`larmidi.

General Motors nuqson bilan ishlab chiqarilgan va sotib yuborilgan «Cobalt»larni yig`ib olishi uchun yillar kerak bo`ldi. Marhumlarning oilalari bilan ishlash, ularning dardiga taskin berish, tovon to`lash, adog`i yo`qdek ko`ringan sud jarayonlariga dosh berish va kompaniyani kasod bo`lishdan saqlab qolish — bularning bari top-menejer Meri Barra zimmasidagi vazifalar edi.

«Men o`zimni o`sha insonlar o`rniga qo`yib ko`rdim. Ular uchun kompaniya ham qag`urayotgani, ularning dardi bizning ham dardimiz ekanini bilish, hamdardligimizni his qilish naqadar muhimligini bilardim. Men mas`uliyatni his qilgan holda bu qiyin daqiqalarda ular bilan yonma-yon turdim», dedi keyinchalik intervyularning birida Barra xonim.

O`shanda Cobalt avtomobillaridan sodir bo`lgan avtohalokatlar natijasida 15 kishi halok bo`ldi.

Meri Barra o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan bir qancha mas`ul menejerlarni bo`shatib yubordi, xavfsizlik va sifat nazoratini tekshirish standartlarini kuchaytirdi va inqiroz ustidan g`alaba qozondi. Janjallar barham topdi va General Motors yana ravnaq topgan, etakchi avtosanoat korxonalari qatoridan joy oldi. Barri xonimdagi ayollarga xos donolik, inson ruhiyatini yaxshi bilish, odamlarning ishonchini qozona olish va yuksak professionalizm shunday mushkul vazifani ado etishga yordam berdi.


Pillapoyalar bo`ylab yuqoriga

Avtosanoat tarixidagi eng nufuzli ayol Meri Barri biznesga 1980 yillarning o`rtalarida kirib keldi. Albatta, ko`pgina omadli insonlar kabi u ham hammasini noldan boshlagan. Qizlik familiyasi Makela bo`lgan Meri Michigan shtatidagi Uoterford Taunship shahrida o`sib voyaga etgan. Otasi GMning sobiq bo`linmasi — «Pontiac»ning shtamplash sexida ishlardi.

Bolaligida Meri Barra va uning ukasi Pol (hozir shifokor) matematika va tabiiy fanlardan a`lo baholarga o`qishgan. 1979 yili maktabni tugatgan Meri General Motors instituti (hozirda Kettering universiteti)ga o`qishga kiradi. O`qish uchun pulni Pontiac to`lagan, demak, bitirgach ishsiz qolmasligi tayin. Shunday bo`ldi ham: talabalik yillariyoq Meri «Pontiac»ning shtamplash sexida malaka oshira boshladi. Aynan shu erdan uning mehnat faoliyati boshlandi desa ham bo`ladi.

1985 yili o`qishni tugatgach, u «General Motors»ning Pontiac zavodiga sifat nazoratchisi bo`lib ishga joylashdi. U erda o`zining alohida qobiliyati, intizomi va mas`uliliyatliligi bilan rahbariyat e`tiboriga tushdi. 1988 yili kompaniya uning Stenford universitetida o`qishi uchun pul ajratdi va Meri universitet talabasi bo`ldi. U juda bosiq va tahliliy fikrlash qobiliyati yuqori qiz edi. Ana shu xususiyatlari bilan avval talabalar orasida, keyinchalik o`qishni bitirib kompaniyaga qaytgach esa jamoada ham alohida e`tiborga tushdi. Qiyin sharoitlarda o`zini yo`qotib qo`ymasligi va doim maqbul qaror taklif etishini sezgan kompaniya vise prezidenti Geri Kauger 1999 yili Merini ichki kommunikasiyalar bo`limi boshlig`i etib tayinladi.

Yosh rahbarning qo`l ostida bo`limdagi muhit tubdan o`zgardi. Endi xodimlar o`zaro muhokamalarda kimning qachon dekretga ketishiyu bouling o`yini natijalarini emas, qanday ishlansa, ko`proq pul topish mumkinligiyu nima sababdan korxonaning kelajagi uchun yakshanba kunlari ham ishlash zarurligi mavzularini muhokama qiladigan bo`ldilar.

Oradan 4 yil o`tib, Meri «GM»ga qarashli butun boshli zavod — «Detroit-Hamtramck (D-ham)»ning rahbariga aylandi. U ishga hammadan oldin kelib, hammadan keyin ketar, korxonadagi ishchilarni ismi bilan chaqirar, barchani yaxshi tanirdi. Aksiga olibmoliyaviy muammolar ko`paygan, muhit ham do`stona emasdi.

Direktor bo`lib tayinlangach, Barra zavodning yangi byudjetini ishlab chiqdi va kiraverishdagi daraxtlarga ilingan bayramona chiroqlarni olib tashlashga qaror qildi. Odamlar uni avval tushunishmadi, shu arzimas chiroqlar qanchayam pul talab qilardi, deb o`ylashdi. Ammo har bir ikir-chikirga e`tibor va oqilona iqtisod natijasida ko`p o`tmay «D-ham»dagi moliyaviy inqiroz chekina boshladi. Ayol baribir ayol-da, nimani iqtisod qilishni biladi.

Ikki yil ichida «D-ham» «General Motors»ning ko`p foyda keltiradigan bo`limlaridan biriga aylandi.


Ayol kishining ishi emas?

Barra «D-ham»da tartib o`rnatayotgan 2005 yilda «General Motors»da «Chevrolet Cobalt»ni ishlab chiqarish ustida ish borayotgandi. Oradan o`n yillar o`tib, aynan shu partiya korxona imijiga jiddiy putur etkazadi.

Mera Barra chindan ham bu mashinadagi o`t oldirish kaliti bilan muammolarni bilmasdi, chunki u rahbarlik qilayotgan «D-ham»da Cobalt emas, «Cadillac», «Buick» va «Pontiac» ishlab chiqarilardi. Lekin keyinchalik, baribir, bu nuqson uchun u javob berdi.

Keyingi yillarda Barra mansab pillapoyalaridan yuqorilab borarkan 2005 yilgi «Cobalt» muammosi ham avj olaverdi. 2005 yilning o`zidayoq injinerlar muammoni bartaraf etish uchun bir nechta variantlarni muhokama qilishgan, ammo biror amaliy chora qo`llashmagan, aksincha, agar mijoz o`t oldirish bilan muammolardan shikoyat qilib kelsa, dilerlar qanday javob berishlari kerakligi haqida maxsus qo`llanma, oddiy so`z bilan aytganda, bahonalar kitobchasini ishlab chiqishgandi. 2006 yilda o`t oldirish konstruksiyasiga ma`lum o`zgarishlar kiritildi, biroq bu o`zgarishlar muammoni bartaraf etmadi. Shundan keyin fojialar davri boshlandi.

Nahotki, Barra bu muammodan bexabar edi? Bunga ishonish mumkinmi? Axir o`sha yillari u rahbar bo`lmasa ham, kompaniyada yuqori lavozimlarda ishlardi, tajribali xodim edi-ku. Afsuski, bexabar edi. Chunki «General Motors» katta va murakkab tashkilot bo`lib, unda 219 ming (!) xodim ishlaydi. Modellar ishlab chiqish bo`limining o`zida 30 ming kishi faoliyat yuritadi. Kompaniyada bo`limlararo aloqa yaxshi yo`lga qo`yilmagandi. Qolaversa, boshqaruv kengashiga a`zo bo`lmagan insonning shuncha odam nima ish qilayotgani-yu, qaerda xatoga yo`l qo`yganini bilishi mumkin emasdi. Іammasini kompaniyaning texnika bo`yicha mutaxassislari hal qilishgan, ortiqcha harajatlar haqidagi xabarlar rahbariyatga etib bormasligi uchun ko`p masalalar menejerlardan sir tutilgandi.

2009 yilda «GM» yopilib ketay dedi. Faqat o`sha paylardagi mamlakat prezidenti Barak Obamaning shaxsan aralashuvi tufayli kompaniyaga yana bir imkon berildi. Chunki shunday avtogigantning yopilishi unga bog`liq ko`plab korxonalar, dilerlik nuqtalarining berkilib ketishi, yuz mingshlab odamlarning ishsiz qolishiga olib kelar, oxir-oqibat butun mamlakat iqtisodiyotiga katta zarba bo`lardi. Bu inqiroz Amerika soliq to`lovchilariga 50 milliard dollar zarar keltirishi mumkin edi.

Rahbariyat Barrani kadrlar bilan ishlash bo`limiga boshliq qildi. U yangi menejerlarni ishga oldi, eskilarini bo`shatdi, bir qancha muhim kadrlar almashinuvini amalga oshirdi. U juda samarali ishladi, qaror qabul qilishda ayollarga xos egiluvchanlik bilan ish tutdi.

2009–2014 yillar orasida boshqaruv kengashida ham ko`p o`zgarishlar bo`ldi. Besh yil ichida 5 ta rahbar almashdi. Nihoyat, 2014 yilda Meri Barraning o`zini boshqaruv kengashi raisi etib saylashdi. Ishlar o`nglana boshladi.

Meri kompaniyaning ko`p millionlik qarzlarini uzdi, obro`sini tikladi, jamoada do`stona muhit o`rnatdi va «GM»ni yana ishonchli va etakchi avtosanoatchilar qatoridan joy olishiga erishdi.

Endi kim ayta oladi avtomobil ayollarning ishi emas deb?!

Hozirda «GM» avtomobil savdosi bo`yicha dunyoda 3-o`rinda turadi (2008 yilgacha 77 yil davomida birinchi o`rinda bo`lib kelgan). Jahonning 35 mamlakatida avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodlari bor, 192 mamlakatda mashinalarini sotadi.

Fakt

Tug`ilgan: 24 dekabr 1961 yil (55 yosh), Waterford, Michigan, AQSh

Turmush o`rtog`i: Antoni Barra

Bolalari: Nikolas Barra, Reychel Barra

Shahnoza SOATOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar