Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi amaldori Kim Yon Chxol bugun Pekin orqali AQShga tashrif buyuradi.
“Yonhap”ning yozishicha, KXDRning yuqori darajadagi amaldori AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo bilan Nyu-Yorkda uchrashib, ikki davlat sammitiga so`nggi tayyorgarlik masalasini muhokama qilishi lozim.
AQSh davlat kotibi matbuot xizmati rahbari Xezer Nauert jurnalistlar bilan muloqotda ham Nyu-Yorkda bo`lajak uchrashuvga oid ma`lumotni tasdiqlagan. Uning so`zlariga ko`ra, garchi mamlakat moliya vazirligi Kim Yon Chxolni Pxenyanning yadro qurol ishlab chiqarishga oid harakatlarida aloqador sanab, sanksiyaga tushirgan bo`lsada, ikki davlat sammitiga tayyorgarlik vajidan KXDR amaldorining nomi “qora ro`yxat”dan istisno tariqasida chiqarilgan. Shu boisdan Kim Yon Chxolga mamlakatga kirishga ruxsat berildi.
“The Washington Post”ning ma`lum qilishicha, Kim Yon Chxol Maykl Pompeo bilan birinchi marta yuzma-yuz muloqot qilayotgani yo`q. Ular joriy yilning so`nggi oylarida ham Pxenyanda uchrashgan bo`lgan.






