Sankt-Peterburg Davlat Din tarixi muzeyi nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda diniy qarashlarning yuzaga kelishi, tarixi va rivojlanib borishi haqida to`la tasavvur bera oladigan yirik madaniy muassasalardan biri sanaladi.
Bugun muzeydan 200 ming atrofida eksponat o`rin olgan. Sharq dinlari tarixi bo`limi fondida O`zbekiston hududidan keltirilgan bebaho arxeologik eksponatlar saqlanadi. Muzeyning bosh saqlovchisi Valentina Nozurinaning aytishicha, bu erda Qoratepa Budda ibodatxonasidan topilgan, eramizdan avvalgi 4 asrga tegishli arxeologik yodgorliklar, xususan, Budda haykalining bosh qismi muzeyning eng nodir eksponatlaridan sanaladi. Fanda bu artefakt “Divati boshi” deb yuritiladi.

Qoratepadan topilgan osori atiqalar orasida g`orlardan topilgan devoriy bitiklar alohida o`rin tutadi. Budda ibodatxona markazining g`or qismidan topilgan bu lavhalar Buddaviylik timsollari va monumental syujetli tasvirlarni o`z ichiga olgan. Haykaltaroshlik namunalari, uy ro`zg`or buyumlari, ko`plab idishlar... Ular qadimgi hind alifbosi va Baqtriya yozuvidagi bitiklar bilan sayqallangan.
Muzeyning islom dini fondida O`zbekistonga oid Qur`oni karim nusxalari va tafsiri, xalq amaliy san`ati namunalari, fotosuratlar va o`z faoliyatini islom madaniyatiga bag`ishlagan rus rassomlarining tasviriy san`at asarlarini ko`rish mumkin.

6-8 iyun kunlari Sankt-Peterburg shahrida o`tadigan “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” mavzusida II xalqaro Kongress doirasida ishtirokchilar ushbu bebaho osori atiqalarini ko`rishlari, ular haqida muzey ilmiy xodimlarining qiziqarli ma`ruzalarini tinglashlari mumkin.






