Markaziy bank 2018 yil may oyining dastlabki to`rt haftasida asosiy iste`mol tovar va xizmatlar narxlari o`zgarishini kuzatish natijalari to`g`risida ma`lumotnoma taqdim etgani haqida xabar bergan bergan edik.
Mazkur davrda respublika bo`yicha guruchning o`rtacha narxi 16,7 foizga o`sdi. O`tkazilgan so`rovnoma natijalariga ko`ra, guruchning narxi oshishiga ta`sir ko`rsatgan asosiy omillar sifatida respublikada o`tgan yilga nisbatan ob-havoning quruq kelishi va sug`orish uchun suv zaxiralari etishmovchiligi vujudga kelishining kutilishi, guruch etishtiruvchilar tomonidan ushbu mahsulot joriy taklifini kamaytirib, kelgusi davr uchun zaxira qilishini ko`rsatmoqda.
Bunda, guruch importi hajmlarini oshirish hamda uning ichki bozordagi taklifini etarli darajada bo`lishini ta`minlash ushbu mahsulot narxini barqarorlashtiruvchi omil bo`lib xizmat qilishi mumkin.
Shu bilan birga, mazkur davrda go`sht mahsulotlari narxining o`rtacha sur`atda o`sishi davom etdi. Jumladan, mol va qo`y go`shti narxlari mos ravishda 5,0 va 3,7 foizga oshdi. Ushbu soha mutaxassislari va fermerlar bilan o`tkazilgan so`rovlar natijasi shuni ko`rsatmoqdaki, go`sht narxining oshishiga asosiy sabab sifatida birja narxlarining o`zgarmasdan turganligiga qaramasdan, em mahsulotlari chakana narxlarning oshib borayotganligi hamda qish-bahor mavsumida yog`ingarchilik kam bo`lganligi sababli yaylovlarda chorva mollari uchun o`t kamligi ko`rsatilgan.
Eslatma
Qayd etish lozimki, yuqorida keltirilgan iste`mol tovar va xizmatlar narxlarining o`zgarish dinamikasi iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlarni tahlil qilish maqsadida Markaziy bank tomonidan olib boriladigan kuzatuvlarga asosan hisoblangan. Respublika bo`yicha iste`mol narxlari indeksi Davlat statistika qo`mitasi tomonidan hisoblanadi.






