O`zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy orkestrlari o`rtasida jangovar ruhni ko`taradigan, davralarga xush kayfiyat ulashadigan, hech qachon eskirmaydigan va ko`ngilga tegmaydigan, har doim ezgulikni, poklikni, vatanparvarlikni madh etuvchi «Musiqa jangovar safda» nomli harbiy qo`shiqlarning navbatdagi, an`anaviy ko`rik-tanlovining yakunlovchi bosqichi o`tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ko`rik-tanlovda Chirchiq, Jizzax, Samarqand, Qarshi, Termiz garnizoni harbiy orkestr jamoalari, Mudofaa vazirligi markaziy va Qurolli Kuchlari akademiyasi harbiy orkestri jamolari ishtirok etdi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalarining orkestr jamoalari ijod namunalari bilan tanlovdan tashqari ishtirok etadi.
Mudofaa vazirligi Ma`naviyat va ma`rifat markazi oldidagi ochiq maydon tomoshabinlar bilan gavjum bo`ldi. Unda Mudofaa vazirligining 12 ta harbiy orkestr jamoasi ijodiy bellashuvda g`oliblik uchun bahslashdi. Ko`rik-tanlov yig`ma harbiy orkestrlarning gala-konsertiga aylandi.















