Gavayining 2.4 milliard dollarlik turizm sanoati vulqon sababli katta zarar ko`rmoqda. Gavayi oroli sayyohlik byurosining ma`lum qilishicha, may va iyul oylari uchun sayyohlarning ushbu hududga tashrifi bo`yicha buyurtmalari soni 50 foizdan tushib ketgan.
Oroldagi turizm biznesi vakillari hududga sayohat qilish hozir ham xavfsiz ekanligiga sayyohlarni ishontirishda davom etmoqdalar.
Vulqon otilishiga qadar turizm sanoati ancha rivojlanayotgan edi. Gavayi turizm byurosiga ko`ra, 2017 yilda “Katta orol”ga 1.7 million sayyoh tashrif buyurgan bo`lib, ular 2016 yilga nisbatan 14 foiz ko`proq vaqt davomida xordiq chiqarishgan.
Vulqonshunoslarning lava otilishi qachon to`xtashi borasida aniq fikrlari yo`q. “Agar vaziyat shu tarzda davom etsa, biz misli ko`rilmagan darajada zarar ko`ramiz. Orol har qanday sharoitga moslashishi kerak. Biz odamlarni jalb etish uchun o`zgacha yo`llarni topishimiz zarur” deydi Arnott’s Lodge & Hiking kompaniyasi vakili Dug Arnot.

Hawaii Forest & Trail turistik kompaniyasining savdo va marketing bo`yicha vise prezidenti Jason Koxn esa har soatda kompaniyaga sayyohlar tomonidan buyurtmalarni bekor qilish yoki keyinga qoldirish bo`yicha qo`ng`iroqlar bo`layotganligini ta`kidlaydi. Uning aytishicha hozircha kompaniya daromadi 30 foizga kamayishi kutilmoqda.

Eslatib o`tamiz, Gavayi orollarida kuzatilgan seysmik faollik tufayli may oyining boshida sayyoramizdagi eng faol vulqonlardan biri – Kilauea uyg`ongan edi. OAV Gavayidagi vaziyat hamon o`ta xavfliligicha qolayotganini qayd etmoqda. So`nggi ma`lumotlariga ko`ra Kilauea vulqonidan chiqayotgan lava oqimi Tinch okeani qirg`oqlarigacha etib borgan.
Kilauea vulqonining nomi "portlovchi, otiluvchi" deb tarjima qilinadi. Gigantning balandligi dengiz sathidan 1247 metr yuqorida. Biroq, Tinch okeanining tubida joylashgan asosdan hisoblanganda, vulqon balandligi qariyb 6800 metrni tashkil qiladi. Kuzatuvlar boshlangandan buyon bir necha marotaba uning qo`zg`algani qayd etilgan. Birinchi marotaba hujjatlarda keltirilgan sana 1790 yilga to`g`ri keladi.






