AsosiyJamiyat

Aholiga ko`rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifati yaxshilanadi

'Aholiga ko`rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifati yaxshilanadi'ning rasmi

Kuni kecha Prezidentimizning notariat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Unda aholiga ko`rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini yaxshilashga qaratilgan qator choralar belgilandi.

Qarorga ko`ra, 2019 yil 1 yanvardan boshlab notariuslar tomonidan bitimlar tasdiqlash “bir darcha” tamoyili bo`yicha amalga oshiriladi.

Axborotlarni almashish uchun ma`lumot bazalari va axborot tizimlari joriy etiladi. Ularning barchasi “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integrasiya qilinadi.

Oliy sud manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 sentyabrgacha sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan shaxslar bo`yicha elektron ma`lumot bazasini shakllantiriladi. Bu baza “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integrasiya qilinadi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo`yish tartibini o`rnatish orqali ko`chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy ravishda notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab ko`chmas mulk bilan bog`liq bitimlarni notarial tasdiqlash faqat “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega bo`lgan qat`iy hisobot beriladigan gerbli (maxsus) blankalarda amalga oshiriladi.

Vasiyatnomalarni imzolash jarayoni, shuningdek “Notariat to`g`risida”gi qonunning 34-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda bitim, ariza va boshqa hujjatlarni imzolash jarayoni majburiy audio- va video qayd etiladi.

Yuridik shaxs notariusga ixtiyoriy murojaat etganda yuridik shaxs kollegial organining qarori qabul qilinganligi fakti notarial tasdiqlanishi lozim.

Notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat etganlarning shaxsini aniqlash barmoq izlarini skaner qilish va ularning pasportidagi (fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatidagi) biometrik ma`lumotlar bilan solishtirish orqali amalga oshiriladi.

Murojaat etuvchilarning notarial harakatlar bajarganligini tasdiqlash notarial tasdiqlanayotgan hujjatlarga ular tomonidan imzo qo`yish va maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish yo`li bilan aniqlanadi.

    Boshqa yangiliklar