AsosiyJamiyat

Olmaliqda xorijiy universitet filiali ochiladi

'Olmaliqda xorijiy universitet filiali ochiladi'ning rasmi

Federal davlat avtonom oliy ta`lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to`g`risida Prezident qarori qabul qilindi. Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar qilindi.

Qarorga muvofiq Olmaliq shahrida “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (Rossiya Federasiyasi) Olmaliq shahrida filiali tashkil etildi.

Filialda respublikaning ishlab chiqarish-sanoat tarmog`i uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlanadi.

Filialda o`qitish O`zbekiston ta`lim standartlari talablarini e`tiborga olgan holda “MISiS” MTTU tomonidan tasdiqlangan o`quv rejalar va dasturlar bo`yicha amalga oshiriladi.

Abiturientlarni qabul qilish va Filial bitiruvchilarining attestasiyasi “MISiS” MTTU tomonidan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Filial bitiruvchilariga O`zbekistonda oliy ta`lim to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan “MISiS” MTTUning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Filialga 2018/2019 o`quv yili uchun ta`limning kunduzgi shakli bo`yicha qabul kvotasi jami 150 kishi, jumladan, bakalavriatning “Konchilik ishi” ta`lim yo`nalishi bo`yicha 75 kishi, “Metallurgiya” ta`lim yo`nalishi bo`yicha 50 kishi, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (tarmoqlar bo`yicha)” ta`lim yo`nalishi bo`yicha 25 kishi etib belgilandi.

    Boshqa yangiliklar