Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo`yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.
Qaror bilan allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga to`lmagan va xavf ostida bo`lgan bolalarni 2019 yil 1 yanvardan 1 iyulgacha tekshirish bo`yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi o`tkaziladi.
Bir martalik aksiya oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida, shuningdek, maktab va maktabgacha ta`lim muassasalariga borgan holda bepul o`tkaziladi.

Sog`liqni saqlash vazirligiga quyidagilar yuklandi:
- bir oylik muddatda allergenlariga bo`lgan ehtiyojini aniqlash hamda o`z vaqtida va uzluksiz etkazib berish maqsadida ularni xarid qilishni tashkil etish choralarini ko`rish;
- Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida allergologiya va klinik immunologiya kafedrasini tashkil etish;
- 2018/2019 o`quv yilidan klinik ordinaturaga qabul qilish kvotasini ko`paytirish;
- 2019/2020 o`quv yilidan “allergologiya va klinik immunologiya” mutaxassisligi bo`yicha magistratura yo`nalishini ochish;
- Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida allergologlarning malakasini oshirish o`quv dasturlarini takomillashtirish;
- farmasevtika tarmog`i uchun kadrlarni tayyorlashning o`quv dasturlarini takomillashtirish choralarini ko`rish.

Innovasion rivojlanish vazirligiga ikki oy muddatda:
- allergen o`simliklar changi to`planishini kuzatishni va muayyan hududda allergiya patologiyasi bilan kasallangan bemorlarni xabardor qilishni nazarda tutadigan aerobiologik monitoring tizimini yaratish;
- allergik kasalliklar tashxisini ultrazamonaviy biologik mikrochiplarni qo`llagan holda tashkil etish, shuningdek, kelgusida O`zbekiston aholisining “allergik pasportini” ishlab chiqish;
- laboratoriya va ilmiy amaliyotning xalqaro standartlariga javob beruvchi Xalqaro molekulyar allergologiya va immunologiya markazini tashkil etish bo`yicha takliflarni ishlab chiqish topshirildi.







